Koronavirus “Yerning qaltirashini” pasaytirdi
Odamlar uyida oʻtirar ekan, Ona zaminimiz qaltirashdan toʻxtaydi.
Odamlar uyida oʻtirar ekan, Ona zaminimiz qaltirashdan toʻxtaydi.
Koʻchalarda piyodalar toʻdasi gʻoyib boʻldi, mashinalar yurmayapti, odamlar uyidan chiqmayapti yoki shahardan shaharga qatnamay qoʻydi. Karantin vaqtida sayyoramizning hamma joyida sokinlik hukm surmoqda, buni hatto, seysmograflar ham ilgʻay olishmoqda.
CNN telekanalining xabar berishicha, butun dunyodagi mutaxassislar Yerning seysmik shovqini pasayganini qayd etmoqda. Avtomobillar, poyezdlar, avtobuslar va odamlar harakatining sayyoramizga taʼsiri kamayib bormoqda.
Belgiya qirolligi observatoriyasi mart oyi oʻrtalarida shovqinning 30-50 foizga pasayganini aniqlashdi. Taʼkidlash joizki, martning oʻrtalarida mamlakatlarda maktablar, korxonalar yopila boshladi, taʼlim olish va ishlash uyda amalga oshiriladigan boʻldi. Bunday koʻrsatkich avvallari yilda faqat bir marta kuzatilardi, u ham boʻlsa yangi yil taʼtillarida, deydi belgiyalik olimlar.
Odamlarning Yerga koʻrsatayotgan taʼsirining pasayishi olimlarga ham qoʻl kelmoqda. Chunki, bunday jim-jitlik sharoitida sayyoramizda eng kam seziladigan yerosti silkinishlar va boshqa seysmik faolliklar ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Avvallari Bryusseldagi tadqiqot markazi shahar markazida joylashgani uchun, ushbu yerosti silkinishlarni sezmay ham qolardi.
Dunyoning boshqa mintaqalarida va boshqa shaharlarida ham xuddi shunday jarayon kuzatilmoqda. Masalan, silkinishlarning kamayganini London va Los-Anjelesdagi seysmologlar ham birdek qayd etishdi.
Odamlar Ona zaminimizni kamroq “silkita” boshladi. Barcha uyida oʻtirar ekan, mashinada yurmay yoki samolyotlarda parvoz qilmas ekan, qolaversa, yirik zavodlar ishlab chiqarish darajasini pasaytirar ekan, shubhasiz, Yer “nafas rostlab” olishga imkon topadi. Turli mamlakatlar va shaharlar havosi tozalanadi.