Ko‘rinmas xavfga – ko‘rinadigan chora: Qashqadaryoda gepatit profilaktikasi
Ba’zan inson salomatligiga tahdid solayotgan xavf ko‘zga ko‘rinmaydi. U eshik qoqib kelmaydi, ogohlantirmaydi. Ammo oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilinmasligi, profilaktikaga beparvolik yoki “boshqalar kasal bo‘lsa, ko‘ramiz” degan munosabat ortidan yuqumli kasallik keng tarqalishi mumkin. Bugun Qashqadaryo viloyatida virusli gepatit A bilan bog‘liq vaziyat ana shunday e’tiborni talab qilmoqda. Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, virusli gepatitning barcha turlari inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ayniqsa, kasallikka o‘z vaqtida tashxis qo‘yilmasa va zarur davo choralari ko‘rilmasa, jigar faoliyati buzilishi bilan bog‘liq og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Gepatit A esa asosan bolalar o‘rtasida tarqalishi bilan ajralib turadi.
Raqamlar nimadan darak bermoqda?
2026-yilning birinchi yarmida Qashqadaryo viloyatida virusli gepatit Aning 1617 ta holati qayd etilgan. Bu 2025-yilning mos davridagi 1458 ta holatga nisbatan 9,8 foiz ko‘p.
E’tiborlisi, kasallanganlarning 1503 nafari, ya’ni 93,4 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Demak, bu yerda gap shunchaki kasallik ko‘rsatkichining o‘sishi haqida emas. Masalaning eng tashvishli jihati infeksiya asosan bolalar orasida tarqalayotganidir.
Hisobot davrida gepatit A 70 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi, 455 nafar maktab o‘quvchisi va 1027 nafar uyushmagan bog‘cha yoshidagi bolada aniqlangan.
Bu raqamlar yana bir muhim masalani kun tartibiga olib chiqadi: uyushmagan bolalar bilan profilaktik ishlarni qanday kuchaytirish mumkin?
Chunki maktab yoki bog‘chaga qatnaydigan bolalar bilan tushuntirish, tibbiy nazorat va profilaktik tadbirlarni tashkil etish nisbatan oson. Ammo uyushmagan, ya’ni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinmagan bolalarni emlash va ularning ota-onalari bilan ishlash alohida yondashuvni talab qiladi.
Kasallanish ayrim hududlarda yanada yuqori sur’atda o‘sgani esa muammoning mahalliy darajada chuqurroq o‘rganilishini taqozo etmoqda. Jumladan, Qamashi tumanida o‘sish 3,9 barobarni, Shahrisabz shahrida 2,6 barobarni tashkil etgan. Ko‘kdala, Kitob, Nishon, Qarshi tumani, Qarshi shahri, Yakkabog‘ va Chiroqchida ham o‘sish kuzatilgan.
Shunday ekan, har bir hududda kasallikning ko‘payishiga sabab bo‘layotgan omillarni alohida tahlil qilish zarur. Chunki epidemiologiyada umumiy raqamning o‘zi emas, uning ortida turgan sabab muhim.
Emlashga munosabat o‘zgarishi kerak
Mutaxassislarning aytishicha, gepatit A ga qarshi kurashda eng samarali usullardan biri — vaksinatsiya.
2026-yilning birinchi olti oyida viloyatda 16 ming 995 nafar bola ota-onalar mablag‘i hisobidan gepatit A ga qarshi emlangan.
Bu, albatta, muayyan ish qilinganidan dalolat. Ammo kasallik bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatmoqdaki, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarur.
Bu yerda eng katta muammolardan biri – aholining emlashga munosabati.
Ko‘p hollarda ota-onalar farzandini kasallikdan oldin emlatishdan ko‘ra, atrofida kimdir kasallanganidan keyin bu haqda jiddiy o‘ylay boshlaydi. Vaholanki, tibbiyotda profilaktikaning asosiy tamoyili kasallikni kutib o‘tirmaslikdir.
Ko‘kdala tumanidagi Uymovut oilaviy poliklinikasidagi holat ham buni yaqqol ko‘rsatadi.
– Tumanimizda aholi qariyb 200 ming nafar. Uymovut oilaviy poliklinikasiga 31 ming 200 nafar aholi biriktirilgan. Tumanda o‘tgan yili 157 nafar fuqaroda gepatit A aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 254 nafarga yetdi, – deydi tuman epidemiologi Otajon Diyorov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, aholi ko‘p va xonadonlar tarqoq joylashgani profilaktik tushuntirish ishlarini yanada tizimli olib borishni talab qiladi.
Eng achinarlisi, ayrim ota-onalar emlash masalasiga faqat farzandi yoki qo‘shnisining farzandi kasallanganidan keyingina jiddiy yondashmoqda.
Aslida esa vaksinatsiyaning mohiyati ham shunda – kasallik eshik qoqib kelganidan keyin emas, undan oldin chora ko‘rish.
Emlashning pullik ekani ham ta’sir qilmoqda
Uymovut mahallasida aholi bilan ishlayotgan patronaj hamshiralarning fikri ham e’tiborga molik.
15 yillik tajribaga ega patronaj hamshira Rejab Mirzayeva 152 ta xonadondagi 1116 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Uning aytishicha, xonadonlarga reja asosida kirib, aholiga yuqumli kasalliklar, ularning oldini olish va emlashning ahamiyati haqida tushuntirishlar berib boriladi.
Biroq tushuntirishning o‘zi yetarli emas.
30 yillik ish tajribasiga ega patronaj hamshira Sharofat Ro‘ziyevaning ta’kidlashicha, ayrim oilalarda emlashning pullik ekani ham ota-onalarning qaror qabul qilishiga ta’sir qilmoqda. Ayrimlar esa atrofida kasallik qayd etilmaguncha vaksinatsiyaga jiddiy ahamiyat bermaydi.
Demak, bu yerda tibbiy tushuntirishdan tashqari, iqtisodiy omil ham bor.
Ota-onaning “bugun pul sarflamay turay, bolam kasal bo‘lmasa bo‘ldi” degan qarashi keyinchalik ko‘proq xarajat va tashvishga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois profilaktika xarajatini oddiy sarf emas, farzand salomatligiga qilingan sarmoya sifatida tushunish kerak.
Ijtimoiy himoya va profilaktika bir nuqtada tutashmoqda
Muammoning muhim jihatlaridan biri shundaki, emlash imkoniyati har bir oilada bir xil emas.
Shuni inobatga olgan holda viloyat hokimining 2026-yil 13-maydagi qarori bilan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan virusli gepatit A bilan kasallanishni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Unga muvofiq, mahallalar va xonadonlarda aholi o‘rtasida emlashning ahamiyatini tushuntirish, ayniqsa, uyushmagan bolalarni ixtiyoriy emlashga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining qarori asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan emlash ishlari tashkil etilmoqda.
Ayni paytda kam ta’minlangan oilalardagi 2911 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalardagi 1772 nafar hamda nogironligi bo‘lgan 2507 nafar bolani, jami 7190 nafar bolani gepatit A ga qarshi emlash bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Bu yondashuv muhim. Chunki yuqumli kasallikning tarqalishi faqat bir oilaning muammosi emas. Bir xonadonda boshlangan kasallik boshqa xonadonlarga, maktab yoki bog‘cha jamoasiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Shu ma’noda, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni profilaktik emlash bilan qamrab olish nafaqat ularning, balki butun jamoaning salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish oson
Sanitariya-epidemiologik qo‘mita viloyat boshqarmasi epidemiologi Ruhiddin Sayfiyevning ta’kidlashicha, virusli gepatit A asosan 3-14 yoshdagi bolalarda uchraydi. Kasallik o‘tkir infeksiyadan keyin immunitet shakllanishi bilan yakunlanadi va aksariyat hollarda 1-1,5 oy ichida bemor to‘liq sog‘ayib ketadi. Gepatit A surunkali shaklga o‘tmaydi.
Biroq bu kasallikka beparvo qarash mumkin degani emas.
Chunki har qanday yuqumli kasallik insonning kundalik hayotiga ta’sir qiladi. Bolaning davolanishi, maktab yoki bog‘chadan vaqtincha chetlatilishi, oila a’zolarining tibbiy nazorati – bularning barchasi nafaqat oila, balki jamiyat uchun ham qo‘shimcha yukdir.
Shuning uchun mutaxassislar shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, qo‘llarni sovun bilan tez-tez yuvish, xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish, oziq-ovqatni to‘g‘ri tayyorlash va saqlashni tavsiya qilmoqda.
Kasallik aniqlangan holatlarda bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni 35 kun tibbiy kuzatuvga olish ham infeksiya tarqalishining oldini olishda muhim.
Biroq bularning barchasini bir nuqta birlashtiradi – profilaktika.
Eng katta vazifa – kasallikni kutib o‘tirmaslik
Qashqadaryodagi bugungi vaziyatdan chiqariladigan asosiy xulosa shuki, gepatit A bilan kurashish faqat tibbiyot xodimlarining vazifasi emas.
Ota-ona bolasini emlatishga mas’ul. Patronaj hamshira xonadonma-xonadon tushuntirish olib borishi kerak. Mahalla uyushmagan bolalarni aniqlab, profilaktik tadbirlarga jalb etishda ko‘maklashishi zarur. Tibbiyot muassasalari esa aholiga emlash imkoniyatlari va uning ahamiyati haqida aniq ma’lumot berib borishi lozim.
Ayniqsa, kasallanish yuqori bo‘lgan hududlarda profilaktika ishlarini umumiy targ‘ibot bilan cheklab qo‘ymasdan, har bir mahalla, har bir oila bo‘yicha tashkil etish samaradorlikni oshiradi.
Zero, bola kasal bo‘lganidan keyin uni davolash muhim. Ammo undan ham muhimrog‘i – uning kasal bo‘lishining oldini olish.
Bugun emlashdan voz kechish yoki uni keyinga qoldirish arzimasdek ko‘rinishi mumkin. Ammo ertaga uning oqibati ancha qimmatga tushishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bois gepatit A ga qarshi kurashda asosiy maqsad raqamlarni kamaytirish emas, kasallikni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf etish va odamlarda profilaktika madaniyatini шаклланtirishдан iborat bo‘lishi kerak.
[gallery-30819]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari