Ko‘rgazma: Yarim ko‘ngildan butun ijod namunalari
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida rassom Mushtariy Saidovaning “Jimlikning narigi tomonida” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, 21 yoshli Mushtariy Saidova tug‘ilganidan beri mutloq sukunat dunyosida yashaydi. U eshitmaydi va gapirmaydi. Bundan tashqari ko‘rish qobiliyatida jiddiy muammolarga duch keldi. Chap ko‘zi butunlay ko‘rmay turib o‘ng ko‘zining zaiflashishi ijod qilishga to‘sqinlik qilmadi va aksincha dunyo bilan muloqot qilishning o‘ziga xos usulini topishga, mato, bo‘yoqlar va amaliy ijod orqali zavqlanishga intildi.


“Jimlikning narigi tomonida” loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlari haqidagi stereotiplarni buzishga qaratilgan. U tashxisni emas, balki muallifning iste’dodi va o‘ziga xos qarashlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ko‘rgazma tomoshabinni “ko‘rish” aslida nimani anglatishi va san’at turli tillarda gapiradigan yoki umuman gapirmaydigan odamlarni qanday birlashtirishi mumkinligi haqida o‘ylashga chorlaydi.



Ko‘rgazma joriy yilning 15-mayigacha davom etadi.
G.Boboyeva, O‘zA