Koreyalik investorlar uchun O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Bugungi kunda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bunda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va “Koreya-O‘zbekiston” biznes assotsiatsiyasining raisi Kim Chan Keon o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv aynan shu masalalar muhokamasiga keng urg‘u berildi.
Uchrashuv davomida mehmon tomonga O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Xususan, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani sohani tartibga solish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim huquqiy asos bo‘layotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, investorlar va tadbirkorlar uchun yer qa’ri uchastkalarini ajratishda mutlaqo yangi, shaffof va raqobatbardosh mexanizmlar joriy etilgani qayd etildi. Jumladan, barcha uchastkalar “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq va adolatli tarzda taklif etilmoqda. Bu esa xorijiy va mahalliy investorlar uchun teng imkoniyatlar yaratib, korrupsiya omillarini bartaraf etishga xizmat qilyapti.
Uchrashuvda, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham fikr almashildi.
“Koreya-O‘zbekiston” biznes assotsiatsiyasi raisi Kim Chan Keon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, ushbu sohadagi imkoniyatlar koreys kompaniyalari uchun katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiya tomonidan Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati va geologiya sohasiga jalb etish, investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur uchrashuv ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalar almashinuvini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA