Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Ko Gyu Chang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, ikki davlat kompaniyalari bilan hamkorlikda IT va BPO xizmati eksportini rivojlantirish, yurtimizdagi yoshlarni AKT sohasiga yanada kengroq jalb qilish hamda yuqori maoshli ish bilan ta’minlash kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda Janubiy Koreya axboroto texnologiyalari mutaxassislari mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarda faol ishtirok etayotgani, elektron hukumat va IT ta’lim sohasiga yirik loyihalarni joriy etish bo‘yicha izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etildi. Bu o‘zaro hamjihatlik, yuksak ishonch mavjudligidan dalolat.
— O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, — deydi Ko Gyu Chang. — Yana shuni ta’kidlash joizki, umumiy tarixga ega bo‘lsak, kelajakni ham birga ko‘ra olamiz. Bizning mamlakatimizda yashayotgan xorij fuqarolari soniga ko‘ra, o‘zbeklar 5-o‘rinni egallagan. Xullas, yaqin hamkorimiz O‘zbekistonga har qanday yordamni berishga tayyormiz.

Davra suhbati chog‘ida hozir Koreyada yoshlar kamayib, katta yoshlilar ko‘payib borayotganini hisobga olgan holda, ushbu mamlakatga o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarni yuborish g‘oyasi ilgari surildi. Bu bilan yoshlar chet elda ish izlab sarson bo‘lishining ham oldi olinadi. Shuningdek, qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida o‘g‘il-qizlarga uyida turib ishlash imkoniyati yaratilishi taklifi ham muhokama qilindi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA