Ko‘prik bitdi, ammo xizmat haqidan darak yo‘q
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi “Trans Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi o‘rtasida 2018 yil 1 noyabr hamda 2019 yil 3 yanvar kuni shartnomalar tuzilgan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, “Trans Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ko‘priklarni qurish va rekonstruksiya qilishda 516 292 423 so‘mlik transport xizmati ko‘rsatilgan.
“Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobiga 185 000 000 (bir yuz sakson besh million) so‘m pul mablag‘i o‘tkazib berilgan.
Biroq ogohlantirishlarga qaramay qolgan 331 292 422 (uch yuz o‘ttiz bir million ikki yuz to‘qson ikki ming to‘rt yuz yigirma ikki) so‘m miqdoridagi qarz summalari to‘lab berilmagan.
Holatdan norozi bo‘lgan “Trans Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari amaliy yordam so‘rab Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida murojaatchining shikoyati asosli ekanligi, “Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan 331 292 422 so‘m qarzdorlik summasi qoplanmaganligi solishtirma dalolatnomada aks etganligi aniqlandi.
Natijada adliya bo‘limi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaati uchun Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.
Oqibatda, “Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi hisobidan “Trans Imkon Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 331 292 422 so‘m asosiy qarz, hamda 25 000 000 so‘m penya undirish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarildi.
Sh.Suyarov, O‘zA