Ko‘p tomonlama hamkorlik qilish yo‘lidan
IT cohasi – jo‘shqin rivojlanib kelayotgan tarmoqdir, bu yerda doimiy yangi, yanada mukammal texnologiyalar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq turli o‘zgarishlar sodir bo‘lib turadi. Shu munosabat bilan doimiy ravishda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish, AKT sohasidagi yetakchi kompaniyalar va mamlakatlar bilan hamkorlik olib borish juda muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida bizlarga geografik jihatdan yaqin bo‘lgan, tarixiy va madaniy o‘xshashlikni birlashtirib turuvchi MDH mamlakatlari bilan uzoq muddatli va ko‘p tomonlama munosabatlarni o‘rnatish o‘ta muhim ekanligini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.
Ushbu jihatdan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan yaqin xorij mamlakatlardagi sheriklar bilan samarali munosabatlarni o‘rnatishga yo‘naltirilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Bugun O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan AKT sohasidagi hamkorligi, eng avvalo, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (XEI), Butunjahon pochta ittifoqi (BPI), Aloqa sohasida mintaqaviy hamkorlik (AMH) kabi tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida amalga oshirilmoqda.
XEI doirasida samarali ish olib borilmoqda: idora doimiy ravishda tashkilotning ishtirokchi mamlakat mutaxassislari uchun turli xil masofaviy o‘quv kurslarini tashkil qiladi, bir qator loyihalar bo‘yicha O‘zbekistonga texnik jihatdan yordam ko‘rsatadi.
XEI ko‘magida AKT sohasida ayollar malakasini oshirish bo‘yicha mintaqaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Bunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yetakchi o‘rin berilgan. Universitet ayol va qizlarni o‘qitish, tayyorlash, ularning AKT sohasidagi ko‘nikmalarini kengaytirishda asosiy ta’lim markazi bo‘lib qoladi.
XEI bilan birga amalga oshirilayotgan muhim loyihalar orasida, YUNISEF bilan hamkorlikda Giga tashabbusi doirasida maktablarni internetga ulash loyihasini, imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitishda AKT qo‘llanilishi – “inklyuziv ta’lim” tizimini joriy etilishi va boshqalarni aytib o‘tish mumkin.
MDH mamlakatlari bilan BPI doirasida pochta yozishmalari va jo‘natmalari tranziti, tajriba almashuvi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ittifoq bilan hamkorlikda bir qator muhim loyihalar amalga oshirilgan: “O‘zbekiston pochtasi ” xalqaro pochta aloqasi AJ filialida shtrix-kodlar tizimi joriy etildi, avtomatlashtirilgan kuzatuv tizimi yaratildi, respublika ichida ko‘rsatiladigan pochta xizmatlari sifati va tezkorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi.
Markaziy Osiyoda elektron to‘lovlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilishida O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorlik olib borishi uchun katta istiqbollar bor. BPI ko‘magida jihozlar modernizatsiya qilindi, zamonaviy xalqaro to‘lov tizimi joriy etildi.
AMH doirasida O‘zbekistonning pozitsiyalari mustahkamlanmoqda. AMH qoshidagi Axborotlashtirish bo‘yicha MDH ishtirokchi-mamlakatlar muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yig‘ilishi shu yil oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida ishtirokchilar o‘rtasida AKT sohasida sherikchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
MDH doirasida IT – sohasida hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — mintaqaviy va milliy xavfsizlik masalalaridir. Global inqiroz vaziyatlari davrida bu, ayniqsa, dolzarb bo‘lib turibdi.
Shu munosabat bilan bu yo‘nalishda MDH mamlakatlari o‘rtasida harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi. Ular qatoriga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrga Axborot xavfsizligini ta’minlash strategiyasini kiritish mumkin.
Xalqaro tashkilotlar doirasida MDH davlatlari bilan o‘zaro aloqalardan tashqari hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar asosida mamlakatlararo muloqotlar rivojlanib bormoqda. MDH mamlakatlarining yetakchi kompaniya va tashkilotlari mamlakatimizda ta’lim sohasi, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, elektron hukumati tizimini yaratish kabi AKT islohotlarida ishtirok etib kelishmoqda.
AKT sohasida strategik sherik mamlakatlar qatoriga Belarus Respublikasini kiritish mumkin. Hozirgi vaqtda raqamli texnologiyalar sohasida ushbu davlat bilan ikki tomonlama hamkorlik bir qator hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik doirasida «Oʻzbektelekom» AK va respublika “Beltelekom” unitar korxonasi xalqaro telefon va telegraf aloqasi o‘zaro xizmatlarini taqdim etib kelishmoqda. Avia va yer usti almashuvi, jumladan, pochta pul o‘tkazmalari almashuvi tashkil qilingan.
Ustuvor yo‘nalishlar orasida – IT – tadbirkorlik va startap-harakatlar sohasida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish bor. 2017 yildan Belorussiya yuqori texnologiyalar parki bilan hamkorlik va tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Dasturiy mahsulotlar texnologik parki va axborot texnologiyalarni (IT Park) yaratish hamda rivojlantirishda Belorussiya tajribasi o‘rganilib, undan foydalanilgan.
AKT sohasida birgalikda mutaxassislarni tayyorlash doirasida samarali ish olib borilmoqda. 2018 yil sentyabr oyida Belarus Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Belarus Davlat informatika va radioelektronika universiteti o‘rtasida TATU negizida yuqori malakali IT – mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma axborot texnologiyalari fakultetini tashkil qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Istiqbolli yo‘nalishlardan yana biri — elektron hukumat sohasidagi hamkorlik joriy yilning boshidan O‘zbekiston Respublikasi elektron hukumati loyihalarini boshqarish markazi va Belarus Respublikasi elektron xizmatlar milliy markazi mutaxassislari bir qator onlayn –uchrashuvlar o‘tkazishdi, ularda Ye-hukumati sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
Hamkorlikni kengaytirish maqsadida Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining delegatsiyasi XXVII “TIBO-2021” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Forum doirasida Belarus davlat organlari, OTM, IT- kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlar hamda O‘zbekistondagi raqamli islohotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
AKT sohasida Qozog‘iston bilan xalqaro aloqalar izchil mustahkamlanib bormoqda. Bugun O‘zbekiston ushbu davlat bilan telekommunikatsiya, pochta va radioaloqa sohasida bir qator masalalar bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
Joriy yili Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining delegatsiyasi Digital Almaty – 2021 anjumanida ishtirok etdi. Anjuman maydonida Qozog‘iston Respublikasi raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoati birinchi vitse –vaziri A.Axmetjanov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi bilan aloqa va axborotlashtirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorligimiz O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Rossiya Federatsiyasi axborot texnologiyalari va aloqa vazirligi o‘rtasidagi axborot texnologiyalari, pochta aloqasi va elektr aloqasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiya sohasida “Oʻzbektelekom “AK va Rossiyaning yetakchi mobil operatorlari — “Rostelekom” PAJ, “VimpelKom” PAJ, “MTT ” OAJ, “Megafon” PAJ va boshqalar , pochta aloqasi sohasida “O‘zbekiston pochtasi” AJ va “Pochta Rossiya” FDUK o‘rtasida samarali sheriklik munosabatlar o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va Innovatsion rivojlanish vazirliklari tarkibidagi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Rossiya klasterlari va texnoparklari assotsiatsiyasi, “Skolkovo” IT-klasteri, Qozondagi IT-parki va, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi bilan qo‘shma AKT –loyihalarini amalga oshirish, IT- park startap loyhalarida ishtirok etish uchun Rossiya venchur sarmoyadorlarini jalb qilish bo‘yicha, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida sheriklik munosabatlari o‘rnatildi.
O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan yirik IT- kompaniyalar qatorida Rossiyaning yirik Top-100likka kiradigan Selectel kompaniyasini alohida ta’kidlash kerak. U bulut servis va data-markaz xizmatlari provayderi, bulut infratuzilmasi yetkazib beruvchilarining Rossiyada birinchi beshligiga kiradi. Rossiya kompaniyasi IT-Park rezidentlari qatoriga kirgan. Rejalarga muvofiq Selectel uch yil davomida yangi bozorni rivojlantirish uchun bir million dollarga yaqin investitsiya kiritishni mo‘ljallagan.
AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Rossiyaning bir qator turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, 2018 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston –Rossiya ta’lim anjumanida TATU fan, ta’lim va texnologiyalar sohasida hamkorlik olib borish to‘g‘risida M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat universiteti, Novosibirsk, Don va Tambov texnik universitetlari bilan bitimlar tuzdi.
O‘zbekistonning MDH boshqa mamlakatlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini rivojlanishining istiqbollari porloq. Bugun ular bilan hamkorlik telekommunikatsiya va pochta aloqalari doirasida amalga oshirilmoqda.
Hozirgi globalizatsiya sharoitlarida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Bu yerda birinchi darajadagi vazifalardan biri – mintaqa mamlakatlari birga bo‘lishi va raqamli integratsiyadir. Bu kabi uzviy hamkorlik nafaqat raqamli rivojlanishning strategik vazifalarini birgalikda hal etish imkonini, balki fan va texnikaning so‘nggi yutuqlari qo‘llangan tahdidlariga muvaffaqiyatli qarshi turish imkonini beradi.
Oleg PEKOS,
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va
kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA