Kontrakt to‘lash muddati 1-noyabrgacha uzaytirildi
Ta’limdagi islohotlar talabalar va ularning ota-onalariga yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Oliygohlarda qabul va kontrakt to‘lovlari muddati uzaytirildi, shuningdek, qo‘shimcha imtiyozlar ham joriy etildi.
Bu ham bo‘lsa, ta’limda olib borilayotgan islohotlar avvalo inson qadri tamoyiliga qurilganidan dalolat.
Ana shunday islohotlarning uzviy davomi sifatida, 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabulni rasmiylashtirish muddati 1-noyabrgacha uzaytirildi.
Qayd etilishicha, bu muddat bakalavriat va magistraturaga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan, ko‘chirib tiklangan hamda qayta tiklangan talabalarga taalluqli. Shu vaqtgacha yillik kontrakt summasining bazaviy kontrakt bo‘yicha kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan kontrakt bo‘yicha esa kamida 50 foizi to‘lanishi kerak.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan davlat oliygohlarining kunduzgi bakalavriatida o‘qiyotgan pedagog xodimlar farzandlari uchun kontrakt summasining 30 foizini qoplash tartibi joriy etilgan bo‘lib, imtiyozdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz orqali ariza yuborish lozim.
Sherbek Islomov, O‘zA