Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi a’zolari saylandi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferens aloqa shaklida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumat a’zolari, tegishli soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Sessiyaning kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi a’zolarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda qonun ustuvorligini va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jamiyatda adolatni qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘tgan o‘n sakkizinchi sessiyasida yangi tahrirdagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan ma’qullandi. Ushbu qonunning 5-moddasida Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi – Rais, uning o‘rinbosari va uch nafar a’zosidan iborat bo‘lishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, qo‘mita tarkibiga kamida uch nafar a’zo saylangan taqdirdagina o‘z faoliyatini olib borishga haqli, ekani belgilangan.
Ammo, ayni paytda Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasining 5 nafar a’zosidan faqat 2 nafari faoliyat yuritmoqda. Bu esa o‘z navbatida qo‘mitaning ish faoliyatiga doir qarorlar qabul qilishida kvorum yetishmasligiga asos bo‘lmoqda. Shu sababli qo‘mitaning o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishi uchun uning a’zolarini saylash zarurati tug‘ildi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tomonidan tavsiya etilgan Qutlumuratov Sultamurat Yesbergenovich, Turimbetova Mariyash, Qutibayeva Yelizaveta Duysenovnaning nomzodlari ko‘rib chiqildi. Nomzodlarning tarjimoiy holi bilan tanishgan deputatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi a’zolari etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.
[gallery-2858]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA