Konstitutsiyaviy islohotlardan raqamli sudgacha: davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishning yangi davri
Ma’lumki, mamlakatlar uchun demokratik, shaffof va samarali davlat boshqaruvi hamda adolatli sud-huquq tizimi barpo etish strategik ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Diyorimiz ham bu yo‘nalishda izchil va qonuniy asoslangan islohotlarni amalga oshirmoqda.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘lkamizda bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirildi. Birgina eng katta huquqiy islohotlardan biri bu 2023-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir. U davlat va jamiyat hayotida inson huquqlari ustuvorligini yanada mustahkamlab berdi. Endilikda muhim vazifa – ushbu konstitutsiyaviy normalarni amalda to‘liq ishlashini ta’minlash hisoblanadi. Bunda qonunlarni qabul qilishda majburiy ta’sirni baholash mexanizmini joriy etish, normativ-huquqiy hujjatlarni soddalashtirish va kolliziyalarni bartaraf etish kabilar muhim rol o‘ynaydi.
2025-yil so‘ngida davlatimiz rahbarining xalqimiz va parlamentga qilgan Murojaatining asl mohiyati ham davlat xizmatlarini raqamlashtirish va yagona platformaga integratsiya qilishdan iborat deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Darhaqiqat, hozirda elektron hukumat tizimi orqali minglab davlat xizmatlari onlayn shaklga o‘tkazilib, byurokratiya kamaymoqda. Bu xizmatlar orqali fuqarolar murojaatlarni tez va shaffof tarzda yuborishi mumkinligini xis qilib bormoqda.
Murojaatnomaga ko‘ra, 2026-yildan boshlab barcha davlat idoralari xizmatlari yagona raqamli platformaga birlashtirilishi belgilab berildi, bunda xizmatlar va ma’lumotlar almashinuvi avtomatlashtirilishi, murojaatlar, ularni ijroga taqsimlash va ko‘rib chiqish jarayoni sun’iy intellekt orqali nazorat qilinishi belgilandi. Bu o‘zgarishlar xizmatchilar va fuqarolar o‘rtasidagi bevosita aloqani soddalashtiradi, byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi hamda xizmat sifatini oshiradi.
Prezidentimiz murojaatnomada shaffoflikni ta’minlashning yangi mexanizmlari qayd etilishini belgilab berdi. Unga ko‘ra, joriy yil 1-yanvardan davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish faqat qonunda belgilangan hollarda amalga oshirilishi, deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinishi va natijalari prokuraturaga taqdim etilishi belgilandi. Ayniqsa, sud va huquqni muhofaza etuvchi organlar islohoti murojaatnomada alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalish bo‘ldi. Maqsad – adolatli, tezkor, shaffof va fuqarolarga yaqin sud tizimini joriy etish.
2026-yilda “raqamli sud” konsepsiyasi doirasida sud jarayonlarini transformatsiya qilinishi ham alohida islohotlarning natijasi deb qarash mumkin. Masalan, tergovdan tortib, sud qaroriga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar sun’iy intellekt texnologiyalari orqali avtomatlashtirilishi belgilanadi, bu esa inson omilini kamaytirishi, jarayonlarni tezlashtirishi va sud qarorlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur yildan boshlab tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish vakolati berilishi ham sudlov organiga berilgan katta imtiyozdir. Og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sud jarayonlariga jamoatchilik vakillarining ishtiroki yo‘lga qo‘yilishi ham belgilandi. Sud qarorlarini ijroga oshirish samaradorligini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirilishi qayd etildi. Bu jarayonlar sud tizimining xalq oldidagi obro‘sini oshiradi, fuqarolarning huquqiy himoyasini mustahkamlaydi va sud ishlarini ko‘rishning ochiqligini ta’minlaydi.
Umuman olganda, murojaatnoma davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi islohotlarini yangi strategik bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin. Keltirib o‘tilgan yo‘nalishlar zamonaviy davlat modelini yaratish, byurokratiyani kamaytirish, fuqarolarga samarali xizmat ko‘rsatish va adolatni mustahkamlashga qaratilgan, deb bemalol aytish mumkin. Rivojlanayotgan raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish va jamoatchilikning faol jalb etilishi ushbu islohotlarni amaliyotga tatbiq etishda asosiy motor bo‘lib xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi islohotlari demokratik, shaffof va adolatli tizim qurishga xizmat qilmoqda. Raqamlashtirish, sud mustaqilligi, xizmatlar sifati va fuqarolarga qulaylik – bularning barchasi zamonaviy davlat modelining ajralmas qismidir. Ushbu islohotlar nafaqat huquqiy barqarorlikni oshirmoqda, balki fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Mahmud Utemuratov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar nomzodi.
O‘zA