Konstitutsiyaviy islohotimiz Eron nashrida yoritildi
Eronning yetakchi matbaa nashrlaridan biri - "Iran News Daily" gazetasi sahifasida "O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohot" sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Maqolada mamlakatimiz Qomusi 1992 yil, mustaqillikka erishilgandan bir yil o‘tib qabul qilingani va shu paytgacha Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarning, deyarli, barchasi hukumat va parlament faoliyatiga tegishli bo‘lgani, endi esa Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng qamrovli tashabbuslar doirasida konstitutsiyaviy islohotning yangi kompleksi tayyorlangani qayd etilgan.
Muallif maxsus komissiya ko‘rsatmasi bilan 2022 yil iyun oyida Konstitutsiyaning dastlabki loyihasi e’lon qilingani, so‘ngra jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgani, shuningdek, komissiya nazoratida bo‘lgan parlamentning turli qo‘mitalari o‘zgarish kiritishdan oldin fuqarolar fikr-mulohazasini o‘rganib chiqqani ta’kidlangan.
Gazeta yozishicha, bu galgisi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘ttiz yil ichida kiritilgan eng muhim qo‘shimcha va yangilanishlarga aylanadi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarning bir qismi iqtisodiyot, sud-huquq va davlat sohasiga tegishli. Islohotlar jarayonining eng ustuvor yo‘nalishi har bir insonning munosib hayot kechirishini ta’minlash bilan birga tug‘ilishdan boshlab barcha fuqarolarning huquqi va erkinligini himoya qiluvchi kafolatni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Maqolada mamlakatimiz Konstitutsiyaviy islohotida nazarda tutilgan inson huquqi muhofazasini kuchaytirish, ya’ni shaxsiy huquq va ma’lumotni himoya qilish, uy-joy, mehnat, sog‘liqni saqlash huquqidan foydalanish, ta’lim olish imkoniyati, diniy erkinlik va so‘z erkinligini, kam ta’minlangan guruhlar huquqini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, O‘zbekistonning o‘sib borayotgan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash masalalariga oid o‘zgartirishlar mohiyati birma-bir sanab o‘tilgan.
O‘zA