Konstitutsiyaviy islohot mavzusi xorij matbuotida
Turkiyada nashr etiladigan “Milliyet” gazetasi sahifasida “Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida yangi Konstitutsiya referendumi” sarlavhali maqola chiqdi. Muallif 2016 yildan buyon “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi ostida ilgari surilayotgan, mamlakatimizning mintaqa va jahon siyosati samarali ishtirokchisi sifatidagi muhim tashabbuslari, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan islohotlar barchaning e’tiborini jalb qilayotganiga urg‘u bergan.
Siyosatshunoslik doktori, professor, Anqara inqirozni o‘rganish va siyosiy tadqiqot markazi rahbari Sayfiddin Erol qalamiga mansub ushbu salmoqli maqolada 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda yurtdoshlarimiz hukmiga havola etiladigan Yangi Konstitutsiya O‘zbekistondagi islohot jarayonining huquqiy asosini yaratib, xalqchil, muhim hujjatga aylanishiga ishonch bildirilgan.
– Mazkur referendumni mamlakatning taraqqiyot strategiyasi va siyosiy liberallashuv yo‘lidagi qadami tasdig‘i sifatida talqin qilish mumkin, – deb yozadi nashr. – Zero, istiqlolga erishilgandan buyon o‘tgan 30 yildan ko‘p vaqt ichida ilk bor Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish referendumga, ya’ni xalq ovoziga qo‘yilmoqda. Eng muhimi, loyiha jamoatchilikdan kelgan 222 715 taklifning aksariyati inobatga olingan holda tayyorlangan. Bu holat yangi Konstitutsiyaga nisbatan “Xalq Konstitutsiyasi” tasavvurini kuchaytiradi va demokratlashuv jarayonida muhim bosqichdan o‘tishni ta’minlaydi.
Muallif referendumga qo‘yilayotgan hujjat matnida mulk daxlsizligi normasi ham kiritilgani, xorijiy investorlar uchun sarmoya kiritish va biznes yuritish bilan bog‘liq qulay shart-sharoit ham tartibga solinishini alohida qayd etgan.
Shuningdek, referendum nafaqat davlat va millat birligini mustahkamlashi, balki islohot vositasida boshlangan liberallashuv asosidagi taraqqiyotni jamiyatning keng qatlamiga yetkazishi jihatidan ham muhim qadam bo‘lishi ta’kidlangan.
– O‘zbekiston dunyoga yanada kuchli va ishonchli tarzda ochilib boraveradi, – deya qo‘shimcha qiladi muallif. – Shubhasiz, xorijiy kapitalning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani islohotlar ta’siri va muvaffaqiyati bilan chambarchas bog‘liq. Amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot yordamida boshqaruvni takomillashtirish, mustahkamlash va shaffoflikni ta’minlash xorijiy investorlar e’tiborini tortib, O‘zbekistonni jozibador maskanga aylantiradi.
O‘zA