“Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!”
Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” deb nomlangan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov ishtirokchilari “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzuida diktant yozib, yangilangan Asosiy qonunimiz va o‘zbek tili haqidagi bilimlarini qisqa, lo‘nda fikrlarda ifodaladi. Ona tilimizda ravon, bexato va so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash mahoratini, husnixatini namoyish etdi.

– Tanlovning asosiy sharti bo‘lgan diktant “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati”, degan so‘zlar bilan boshlangan, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ali Qobilov. – Bosh qomusimizning jamiyat rivoji va ko‘p millatli xalqimiz huquqlarini himoya qilish, qadr-qimmatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida fikr yuritilgan. Bu tadbir hamkasblarimizni Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalar atrofida yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlovda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mahalla iste’molchilarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘limi operatori Sulaymonbek Saitmuradov g‘olib bo‘lib, tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri