Konstitutsion o‘zgarishlar – yoshlar nigohida
Konstitutsiya ham zamonga, globallashuv jarayonlariga, aholining talab va istaklari, extiyojlarining o‘zgarishlariga qarab takomillashtirilib boriladi.
Shundan kelib chiqib, muayyan vaqt o‘tganda davlatning Asosiy qonuniga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borish hayotiy zaruriyatga aylanib borishini tushunish mumkin.
Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar press klubida “Konstitutsiyaviy islohotlar – yoshlar nigohida” mavzusida respublika seminari tashkil qilindi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning matbuot kotibi Odiljon Tojiyev, Agentlik direktori Alisher Sa’dullayev, agentlikning markaziy apparat, hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, jami 11 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Konstitutsiyamizni takomillashtirish jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada kuchaytirish, yoshlar sohasidagi davlat siyosati bilan bog‘liq asosli takliflarni shakllantirish g‘oyat muhim. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida jami 50 mingga yaqin takliflar kelib tushgan bo‘lsa, shundan, 70 foizini yoshlar tashkil qilgan. Aholidan tushgan takliflar asosida Konstitutsiyaning yangilangan loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi. Unda jami 128 ta moddaning 64 tasiga o‘zgartish kiritilishi va 6 ta yangi modda qo‘shish taklif etilmoqda.
Seminarda Konstitutsiya loyihasida o‘zgarishlar asosan, inson huquqlari va erkinliklari, tadbirkorlik va xususiy mulk, intellektual mulk, axborot, ijtimoiy, tibbiyot va ekologiya, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, yoshlar va sud-huquq sohalarida takliflar kelib tushganligi, loyihaning mazmun-mohiyatidan yoshlarimizning xabardor bo‘lishlari uchun keng ko‘lamda huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish, yoshlarimiz bunday siyosiy jarayonlarda faol bo‘lishlariga undash borasidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Qizg‘in bahs-munozaralar asosida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lib, ushbu jarayonda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishda yoshlar tashkilotlarining birgalikda faoliyat olib borishiga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA