Konimexda “Kashtachilik maktabi” o‘quv kursi
Kashtachilik milliy hunarmandchilik san’atining bir turi bo‘lib, unda nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks etadi, naqshlar xilma-xilligi kishi qalbini to‘lqinlantiradi.
Milliy kashtachilik va so‘zana san’atida o‘simliksimon va gullar tasviri tushirilgan naqsh kompozitsiyalari keng qo‘llaniladi, Anor, anorgul, bodomgul singari naqshlar bardavomligini ta’minlashga e’tibor qaratiladi. Aytishlaricha, kashtalardagi anor, bodom shaklli naqshlar serfarzandlik, baxt, mehr-muhabbat, totuvlik ma’nolarini anglatadi.
Shu kunga qadar Navoiy viloyat prokuraturasi, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi hamkorligida Qiziltepa, Navbahor tumanlari hamda Navoiy shahridagi 2-sektorga qarashli mahallalardagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun “Kashtachilik maktabi” maxsus o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish orqali norasmiy bandlikni qisqartirish va mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni foydali mehnatga jalb qilish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – Bunda Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

Qarorda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, takomillashtirish, biznes loyihalarini moliyalashtirish, kasanachilikni rivojlantirish belgilab berilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Konimex tumanidagi “Yuksalish” MFYdan 10 nafar, “Sho‘rtepa” MFYdan 6 nafar va “Sarjal” MFYdan 15 nafar xotin-qizning ro‘yxati shakllantirilib, “Kashtachilik maktabi” maxsus o‘quv kursi boshlandi.

– O‘zim kashta tikishga qiziqaman, ammo uni o‘rganish uchun imkonim yo‘q edi, – deydi Yuksalish mahallasida yashovchi Gulzira Rustamova. – Mahallada tashkil etilayotgan o‘quv kursi menga juda qulay. Uyim yaqin va endi men bemalol kashtachilik va uning sirlarini to‘liq o‘rganishim mumkin.
O‘quv kursi davomida xotin-qizlar belgilangan 60 soatlik dastur asosida o‘qitiladi hamda malakali kashtachi-kasanachilar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri