Konchi-metallurglar kasb bayramini nishonlamoqda
Mamlakatimizda may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekiston konchilik metallurgiya sanoati xodimlari kuni.
Ushbu sanani Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi bir qator yutuqlar bilan kutib oldi.
Jumladan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilingan 2020 yilning eng ko‘p foyda olgan korxonalar ro‘yxatida kombinat ham bo‘lib, jamoa o‘tgan yilni 3,9 trillion so‘m foyda bilan yakunladi.
Kombinat joriy yilning 1-choragida ham ushbu sur’atni saqlab qolgan holda mahsulot ishlab chiqarish rejasini 112,9 foizga, eksport rejasini esa 160 foizga bajarishga erishdi.
Olmaliq shahrida konchi-metallurglar kunida o‘zgacha bir bayramona shukuh hukmron.
Konchi-metallurglar bayrami munosabati bilan Olmaliq shahridagi “Oltin olma” xiyobonida uch kun mobaynida taniqli estrada xonandalari ishtirokida konsert dasturlari tashkil etildi. Xalq sayllari va ko‘ngilochar tadbirlar olmaliqliklarga haqiqiy bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Bayram tadbirlari doirasida jajji bolajonlar uchun ham konserti tashkil etildi.
Kombinat mehnat jamoasi uchun bayram tadbiri to‘liq rekonstruksiya qilingan sanatoriy-profilakatoriy hovlisida o‘tkazildi.
Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda kombinat boshqaruv raisi mehnat jamoasining erishgan yutuqlarini e’tirof etib, ilg‘or ishchi-xodimlarga “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Kombinatning 38 mingdan ziyod ishchi xodimlariga bir martalik pul mukofoti berildi.
Bayram tadbirida “Metallurg” madaniyat saroyi havaskorlik guruhlari va taniqli sana’tkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Ayyom arafasida kombinat mehnat ahli uchun bir qator ob’ektlar ham foydalanishga topshirildi. Xususan, ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari salomatliklarini tiklashi uchun zamonaviy sanatoriy-profilaktoriy tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, kombinatning sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi mehnat jamoasi uchun yozgi “Bayramlar uyi” ham foydalanishga topshirildi.
Mazkur ob’ektlarning O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida foydalanishga topshirilishi ishchi-xodimlarga haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
O‘zA