Kommunal soha fidoyilari e’zozlandi
Buxoroda 18-aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni ko‘tarinki ruhda, keng jamoatchilik ishtirokida nishonlandi. Mazkur sana mamlakatimizda aholi farovonligi, shahar va qishloqlar obodligi, ko‘p qavatli uy-joylar hamda muhandislik infratuzilmalarining barqaror ishlashida mehnat qilayotgan soha vakillariga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Tadbirga viloyatda faoliyat yuritayotgan boshqaruv servis kompaniyalari vakillari, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimidagi korxona va tashkilotlar mehnat jamoalarining ilg‘or xodimlari taklif etildi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, yig‘ilganlarni kasb bayrami munosabati bilan samimiy qutladi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatdagi 29 ta boshqaruv servis kompaniyasi shahar va tumanlarda joylashgan 2 ming 566 ta ko‘p qavatli uy-joyga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa aholining munosib turmush sharoitini ta’minlash, uy-joy fondini saqlash va infratuzilmani yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, kompaniyalar qoshida 24/7 rejimida avariya-dispetcherlik xizmatlarining yo‘lga qo‘yilgani, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarining tizimli tashkil etilgani sohada amaliy islohotlar samarasini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, tizim tarkibidagi ikki issiqlik korxonasi hamda Buxoro suv ta’minoti aksiyadorlik jamiyati jamoalarining faoliyati ham alohida e’tirof etildi. Ularning mehnati tufayli aholini sifatli ichimlik suvi, issiqlik va boshqa muhim kommunal xizmatlar bilan ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Ma’lum qilinganidek, viloyat aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash, shuningdek, tuman markazlarida oqova tizimini yaxshilash maqsadida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida umumiy qiymati 633,5 million AQSH dollariga teng yirik loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Natijada aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 2016-yildagi 54,5 foizdan 2026-yilga kelib 80 foizga yetdi.

Markazlashgan issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish yo‘lida ham keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan “Buxoro shahrida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida “Buxoroyenergomarkaz” AJ issiqlik korxonasida umumiy qiymati 22,62 million AQSH dollariga teng loyiha ro‘yobga chiqarildi. Buning natijasida Buxoro shahridagi 202 ta ko‘p qavatli uy-joy va 32 ta ijtimoiy soha muassasasining issiqlik ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi.

Tadbir davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh mehnat faxriylari munosib taqdirlandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri tomonidan “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan xodimlarga tantanali ravishda mukofotlar topshirildi.

Shuningdek, uzoq yillik halol mehnati, kasbiga sadoqati va tizim taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir qator fidoyi xodimlarga faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbiri viloyat san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Ko‘tarinki kayfiyat, samimiy tabriklar va e’tiroflarga boy ushbu tadbir kommunal soha xodimlarining mehnati doimo qadrlanishi, ularga bo‘lgan hurmat va e’tibor yuksak ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.