Ko‘mir sanoatida yangi tartib: bozor mexanizmi amaliyotda qanday ishlayapti?
Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, aholi ehtiyojlari uchun mahalliy ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish va ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tartiblari amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Yangi tizim mahsulotni hududlar kesimida taqsimlash, uni birja savdolari orqali realizatsiya qilish hamda aholiga yetkazib berish jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Bu jarayonlar “O‘zbekko‘mir” AJning Angren ko‘mir konida ham izchil davom etmoqda. Jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida ko‘mirni qazib olishdan tortib, saralash, yuklash va iste’molchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishish imkoni yaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi “Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan aholiga ko‘mir yetkazib berish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari belgilandi. Unga muvofiq, mahsulotni hududlar kesimida taqsimlash, ko‘mirni birja savdolariga chiqarish, xususiy tadbirkorlar orqali aholiga yetkazib berish hamda sotuv jarayonlarini raqamli platforma orqali ochiq tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Press-tur doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, aholi ehtiyojlari uchun “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan yetkazib berilayotgan ko‘mir mahsulotini hududlar kesimida taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.

– Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari aholisi ehtiyojlari uchun birja savdolariga chiqarilgan mahalliy ko‘mirning dastlabki partiyalari xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan, – deydi "O‘zbekko‘mir" AJ marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ko‘chimov. – Hozirda shartnomalarni rasmiylashtirish va mahsulotni belgilangan hududlarga yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Ko‘mir omborlarga yetkazilganidan so‘ng uni aholiga sotish tadbirkorlar tomonidan mycoal.uz elektron platformasi orqali tashkil etiladi. Sotuv boshlanadigan sana, ombor manzili, mavjud mahsulot miqdori va boshqa zarur ma’lumotlar platformada hududlar kesimida ochiq e’lon qilib boriladi. Muhimi, yangi tartibda ko‘mirni taqsimlash va sotish jarayonida ochiqlikni ta’minlash, aholi uchun zarur ma’lumotlarni raqamli platforma orqali yetkazish hamda mahsulotni belgilangan hududlarga yetkazib berish mexanizmini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda aholini mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash, avvalo, uning yetarli hajmda qazib olinishi va iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilishini taqozo etadi. “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2026-yilda 5,8 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan. Joriy yilda korxonada qazib olish bilan bir qatorda konning ustki qatlamlarini ochish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va mahsulot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshidan dastlabki sakkiz oyida korxona tomonidan 3,7 million tonna ko‘mir qazib olindi va iste’molchilarga yetkazib berildi.

Ayni vaqtda bir sutkada o‘rtacha 25 ming tonna qattiq yoqilg‘i qazib olinmoqda. Bu ko‘rsatkichlar korxonada ishlab chiqarish hajmini barqaror saqlash bilan birga, aholi va boshqa iste’molchilar ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan ishlarni davom ettirish muhimligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, “O‘zbekko‘mir” AJ mamlakatdagi asosiy ko‘mir qazib oluvchi korxonalardan biri hisoblanadi. Jamiyatning asosiy faoliyat maydoni “Angren” ko‘mir havzasi hisoblanadi. Korxona tarkibida 8 ta filial faoliyat yuritadi. Ularning 3 tasi bevosita ko‘mir qazib chiqarish bilan shug‘ullansa, qolganlari ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlovchi yordamchi xo‘jaliklardan iborat. Jamiyat tizimida 6 ming nafarga yaqin xodim mehnat qiladi. Korxona tomonidan qazib olinayotgan mahalliy ko‘mir mamlakat iqtisodiyoti, byudjet tashkilotlari va aholi ehtiyojlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, sohada bozor mexanizmlarining joriy etilishi bilan bir qatorda, ko‘mirni qazib olish, taqsimlash va aholiga yetkazib berish jarayonlarida ochiqlik va raqamli yondashuvni ta’minlashga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Press-turning amaliy qismi “Angren ko‘mir koni” filiali hududida o‘tkazildi. Jurnalist va blogerlar bevosita kon hududiga tushirilib, ko‘mir qazib olish jarayoni bilan tanishdi. Xususan, ko‘mirni qazib olish, saralash va yuklash ishlari, shuningdek, yirik karer texnikasining ishlash jarayoni namoyish etildi. Jarayonda OAV vakillari korxona mutaxassislari bilan suhbatlashib, ishlab chiqarish jarayonlari, yangi tartib va sohadagi o‘zgarishlar yuzasidan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA