Komillik kamoli
Munavvarlarimiz
Yuzaki qaraganda, odam odamga o‘xshaydi.
Aslida-chi?
Hatto, bir tomchi suvdek bir-biriga o‘xshaydigan egizaklarning ham barmoq izlari bir-biriga aynan mos tushmaydi. Fe’l-atvorini-ku qo‘ya turaylik. Shuning uchun dunyoga kelgan har bir sog‘lom chaqaloqning kelajakda o‘zini hech kimga o‘xshamagan bir shaxsga aylantirish, hech kim erishmagan komillik kamoliga yetkarish imkoni mavjud.
Amalda esa hamma vaqt ham bunday bo‘lavermaydi. Shaxs kamoloti yo‘lidagi juda katta raqobat maydonida butun bir mamlakat xalqi orasida taniqli bo‘lgan ziyoli hadeganda yetishib chiqavermaydi. Ko‘plar ora yo‘lda qolib ketadi.
Shu ma’noda Qobilbek To‘xtabekovich Karimbekov – yurtimizning taniqli zotlaridan biri.
U 1956-yilning 22-iyuli kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ehtimol, u bosib o‘tgan yo‘lni bir nafasda aytib, ado etish mumkindir ham. ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning Tarix fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan (1978). Shu ta’lim dargohida o‘qituvchi, aspirant, katta o‘qituvchi bo‘lgan (1978 – 1993). O‘zbekiston televideniyesining “Xalqaro” kanalida siyosiy sharhlovchi (1993 – 1996), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida bosh konsultant (1996 – 1999), “O‘zbekiston” telekanali “Siyosat” studiyasida siyosiy sharhlovchi (1999 – 2006),“O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi “Ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy dasturlar” bosh muharririyati “Parlament” bo‘limi boshlig‘i (2006), “Yangi jamiyat” siyosiy, huquqiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar studiyasida bo‘lim mudiri (2006 – 2015), “Mahalla” teleradiokanali” davlat unitar korxonasida “Ma’naviy-tarbiyaviy dasturlar” muharririyatida bosh mutaxassis – maslahatchi (2015 – 2017) bo‘lib ishlagan. Hozirgi paytda Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy institutining “Ma’naviyat asoslari” kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida mehnat qilyapti.
Ammo bu pillapoyalar shunchaki bosib o‘tilgani yo‘q. Bu yo‘llarda u o‘zini tinimsiz ravishda o‘stirdi, o‘qib, o‘rgandi, tarbiyalandi, shaxs va mutaxassis sifatida shakllandi.
Sho‘ro davrida O‘zbekistonimizda ham xalqaro sharh yaxshi rivojlangan edi. Sobir Qurbonov, Tursun Qoratoyev, Nasriddin Muhammadiyev, Ahmadjon Meliboyev, Abduxalil Mavrulov, Quddus A’zam, G‘afur Jamolov va yana boshqa ko‘p ziyolilarimiz har hafta radio va televideniye orqali mavjud xalqaro ahvoldan xalqni muntazam ravishda xabardor qilib borar edi. Shular orasida Qobilbek Karimbekovning ham alohida o‘rni va mavqei bor edi. Yuqoridan xalqaro vaziyatga nisbatan davlat pozitsiyasi asosiy yo‘nalishlarini belgilab berilgan ko‘rsatmalar ham yuborilib turar edi, albatta. Xalqaro siyosat asosiy ob-havosini aytib turishda Yer yuzining kuchli ovozga ega bo‘lgan ikkinchi davlati sifatida bunga katta ehtiyoj ham bor edi.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida xalqaro sharhlovchilar kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ydi. Chunki endigina o‘z erkini qo‘lga kiritgan, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy bir sharoitdan asta-sekin o‘zini o‘nglab olayotgan davlat uchun dunyoning katta siyosati haqida baralla ovoz bilan so‘z yuritib, munosabat yuritish amalda ziyonga ketishi mumkin edi. Axir, biz avval ko‘p-ko‘p davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatib olishimiz, shu tariqa hamkorliklarni yangidan boshlashimiz zarur edi. Ommaviy axborot vositasi orqali bildirilgan har bir munosabat boshqa davlat tarafidan qanday qabul qilinishini oldindan bashorat qilishning esa hech ham iloji yo‘q.
Ochig‘i, O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki 25 yilida olib borgan yopiq siyosat o‘z-o‘zidan mamlakat mediasida xalqaro sharhning yo‘lini tamoman berkitib tashladi. Ehtimol, biz uchun shu to‘g‘ri yo‘l bo‘lgandir ham.
Shu tariqa xalqaro sharhlovchilar siyosiy sharhlovchilariga aylana bordi. Ya’ni endi ular, asosan, O‘zbekistonning ichki siyosatini sharhlashga o‘tdi. Aslida, bu ham oson ish emas edi. Davlat siyosatining tub mohiyatini xalqqa anglatish o‘sha yillari muhimdan-muhim va muqaddas vazifa edi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mamlakatning taniqli-taniqli ziyolilarini atrofiga jamladi. Ayniqsa, 1999-yili Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashkil etilganidan keyin bu ish nihoyatda jonlandi. Vaqti-vaqti bilan mintaqalarga rsepublika targ‘ibot guruhlari jo‘natilib turdi. Ular shahar, qishloq va ovullarda xalq bilan bevosita muloqotlar tashkil etib, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzularda ma’ruzalar o‘qidi, suhbatlar, davra suhbatlari uyushtirdi. Mamlakatning mavjud 14 mintaqasida ham korxona va tashkilotlarda muayyan mavzular bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va uning mintaqaviy va hududiy bo‘limlari bilan shartnomalar tuzilib, izchil targ‘ibot tizimi shakllantirildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va uning mintaqaviy bo‘limlarida targ‘ibot ishlariga daxldor mutaxassislar malakasini oshirish kurslari muntazam ravishda faoliyat olib bordi.
Bu ishlarning barida qahramonimiz faol ishtirok etdi.
Bugun bir narsani ochiq tan olib aytish kerakki, ziyolilarning hammasi ham xalq oldida ochiq chiqish qila olmaydi. Bir gal Nukus tumanida tadbir o‘tkazdik. Qoraqalpoq davlat universitetining bir dotsenti qoraqalpoq tilida yozgan ma’ruzasini qog‘ozdan hijjalab o‘qib berdi. Odamlar uning nutqidagi siyosiy-huquqiy tushunchalar mohiyatiga yetmadi. Keyin bir voiz o‘zbek tilida qog‘ozsiz so‘zladi. Hamma tushundi. Bu ishtirokchilarning yuz-ko‘zlaridan, keyin berilgan savollaridan yaqqol bilindi.
Qobilbek xalq bilan tillashishning hadisini olgan. Hech qachon hayajon-hissiyotsiz gapirmaydi. Ba’zilarga o‘xshab, yozib kelgan qog‘oziga emas, odamlarning ko‘ziga qarab so‘zlaydi. Unda ravon, xalqona, ta’sirchan nutq san’ati shakllangan. Gapirayotganda “e”, “a”, “im”, “him”... yoki o‘rinli-o‘rinsiz ravishda “haligi”, “anaqa”, “deylik”, “demak” deyavermaydi.
Siyosiy sharhlovchi uchun til savodxonligining o‘zi yetarli emas. Siyosiy jihatdan adashmaslik kerak. Buning ahamiyatini bir-ikki misol bilan tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
1989-yilning 21-oktabrida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi bergan qonun qabul qilindi. Shu qonunni ziyolilarimiz ba’zan “Davlat tili to‘g‘risida” deb tilga oladi. To‘g‘ri, hozirgi paytda qonunlarni “to‘g‘risida” so‘zi bilan qabul qilish urfga kirgan. Lekin 1989-yili u “Davlat tili haqida” deb qabul qilinganmi, tamom, endi uni faqat shu tarzda tilga olishga majburmiz.
Bir maqolamizda jumla: “Markaziy Osiyoning Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston Respublikalari va Turkmaniston...” – deb boshlangan edi. Ko‘rinib turibdiki, bunda dastlabki to‘rt davlat kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi harflari tartibi bo‘yicha tilga olingan. Gazeta xodimi uni mana bunday tarzda “tahrir” qilibdi: “Markaziy Osiyoning Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari...” Bir qarashda, hammasi silliqqina ko‘chgandek. Holbuki, alifbo tartibi bo‘yicha “Turkmaniston” so‘zi “Tojikiston” so‘zidan keyin qo‘yilishi kerak edi. Muharrir buni farosat qilmagan. Mayli, bu xato – hali holva: eng yomoni, “Turkmaniston Respublikasi” degan davlat dunyoda yo‘q. Chunki u respublika emas. Davlatning nomi – “Turkmaniston”, vassalom. Tashqi ishlar vazirligida ikkinchi darajali ikkinchi kotib diplomatik martabasi bilan “Spich rayter” (“Nutq yozish”) guruhi rahbari bo‘lib ishlagan sobiq diplomat bu borada xato qilishi aslo mumkin emas edi. Shuning uchun Turkmaniston boshqa to‘rt respublikadan ajratib yozilgan edi.
Siyosiy sharhlovchi davlatning Konstitutsiyasi, Kodekslari, qonunlari, Prezident farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va hokazolarni tahlil qilayotgan mavzusi talab etadigan darajada puxta-pishiq bilishi kerak.
Biz faaoliyati haqida so‘zlayotganimiz siyosiy sharhlovchi ana shunday fazilatlarga ega, hatto, bugun u shu sohaga qadam qo‘yayotgan ko‘plab yoshlar uchun katta tajriba maktabiga ega ustoz ham.
U“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” (2016) faxriy unvoni, “Shuhrat” medali (2001), “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni (2002), “O‘zbekiston “Veteran” birlashmasi oldidagi xizmatlari uchun” medali (2021), I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (2023) bilan taqdirlagan, shuningdek, Xalqaro “Antiques World” (“Antik dunyo”) ilmiy akademiyasi a’zosi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faxriy professori hisoblanadi.
Jufti haloli Gulandom Karimbekova bilan uch qiz, ikki o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi, ko‘plab nevaralari qurshovida umrguzaronlik qilishyapti.
Ziyolining mehnatini arifmetik raqamlar bilan ko‘rsatib bo‘lmaydi. Hali sun’iy ong ham bunga qodir emas.
Biroq bir narsa – haqiqat: xalqimizning bugungi taraqqiyot darajasini, uning komil ishonch bilan tezroq rivojlangan davlatlar safidan munosib o‘rin olish, Uchinchi Renessans asoslarini yaratishdek muqaddas maqsadlar yo‘lidagi dadil qadam tashlab borayotgani zamirida ko‘p sonli ziyolilarimizning ko‘zga ko‘rinmas va zahmatli mehnatlari ham yotibdi.
Xalq – Qobilbek Karimbekovdek yetuk bir ziyolisi bilan faxrlanishga haqli. Shu xalqqa xizmat qilish uchun esa yoshning ahamiyati yo‘q. Qaytanga, 70 yosh amalda komillikning ayni kamolga yetgan davri hisoblanadi.
Kamolot yoshi Sizga muborak bo‘lsin, Qobilbek domla!
Sultonmurod OLIM,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.