Ko‘lijabbor obod va zamonaviy hududga aylanadi
Ko‘p yildan buyon e’tibordan chetda qolgan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Ko‘lijabbor” mahalla fuqarolar yig‘inida ham endilikda “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” davlat dasturi doirasida rivojlantiriladigan, aholini qiynab kelayotgan tashvish va muammolarga yechim topiladigan bo‘ldi. Bu asosan, hudud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’miri va obodonligi, ijtimoiy soha inshootlari faoliyatiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish orqali mahalliy aholi turmush tarzini yaxshilash kabi jihatlarni qamrab olmoqda.
–Bugunga kelib 768 ta xonadon va ularda jami 5 ming 400 dan oshiq aholi istiqomat qilayotgan Ko‘lijabbor mahallasida dastlab hudud infratuzilma tarmoqlariga doir yig‘ilib qolgan muammolar o‘rganilib, qilinishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilanmoqda, –deydi G‘ijduvon tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Jasur Sharipov. –Jumladan, hozir elektr energiyasi ta’minotida yetmishtaga yaqin eskirib, yaroqsiz holga kelgan simyog‘ochni yangilash ishlari boshlangan. Buning uchun 65 ta beton tayanch ustuni olib kelingan. Shuning barobarida 3,5 ming metr masofadagi elektr simlarini kabel tarmog‘iga almashtirib, mavjud 4 ta transformator punktini ta’mirlash, aholi iste’moli oshgani boisdan qo‘shimcha transformatorlarni keltirib joylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, allaqachon ta’mirtalab holga kelgan qishloq yo‘llarining 3,5 kilometr qismini asfaltlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, so‘nggi oyda 3 kilometr ichki yo‘lga shag‘al bostirilgan. Bunda 5 ta ko‘chani obodonlashtirib, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish ishlari ham boshlangan. O‘tgan asr oltmishinchi yilarida rostlangan va hozir butunlay yaroqsiz ko‘rinishdagi mahalla ma’muriy binosini ham qayta qurishga qaror qilingan. Mahalla idorasi uchun 4 sotix yer maydoni ajratilgan bo‘lib, hademay bu yerda qurilish ishlari boshlanadi.
[gallery-15533]
Ijtimoiy inshootlardan yana biri 52-son umumta’lim maktabi stadioni ta’mirlanadi. Unda futbol maydoni obodonlashtirilishi bilan birga sun’iy chim yotqiziladigan futzal maydoni barpo qilinishi, uning yonidan o‘quvchilarning yo‘l harakati qoidalaridan xabardor bo‘lishi uchun ko‘rgazmali o‘quv-amaliy mashq maydonini hozirlash loyihasi ishlanmoqda. Hududda kuniga 40 nafar fuqaroni qabul qiladigan “Ko‘lijabbor” tibbiyot punktini ham qayta ta’mirlab, moslashtirilgan konteyner ko‘rinishidagi shaxobcha fasad qismini alyuminiy profilidan zamonaviy ko‘rinishga keltirib, jihozlash, atrofini obodonlashtirish ko‘zda tutilgan.
Hududda moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritib, yuzdan oshiq bolajonni o‘z bag‘riga olgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish, chunonchi, uning tom qismi va polini yangilash, jajji o‘g‘il-qiz uchun yetarli shart-sharoitni yaratib berish, isitish tarmog‘ini shay holga keltirish maqsad qilingan. Ko‘lijabbor mahallasidagi sa’y-harakat shu bilan chegaralanmagan. Chekka hududda vodoprovodlashtirishda chala qolgan ishlarni yakuniga yetkazish maqsadida 500 metr masofaga ichimlik suvi quvurini tortish loyihalashtirilgan. Bu tufayli qishloqda yana yetmishga yaqin xonadon toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lishi kutilmoqda. Qolaversa, aholining suyultirilgan gaz yonilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojini barqaror qondirish, yana o‘ndan ortiq kam ta’minlangan va ijtimoiy muhofazaga olingan oila turarjoyi imoratlari fasadini ta’mirlab berish kabi ishlar nazarda tutilgan.
Mahallada aholi tomorqasidan samarali foydalanish, mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash kabi sohalarda amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari