Ko‘chmas mulkka doir huquqlar takomillashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi tashabbuskorlarining qayd etishicha, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtdan buyon ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ammo bugungi kunga kelib, bu hujjatlarning me’yoriy-huquqiy negizi tarqoq ekanligi, hatto bir-biriga zid va o‘zaro mos kelmaydigan me’yorlar mavjud ekanligi aniqlandi.
Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida fuqarolarning huquqlari Kadastr tashkilotlari tomonidan buzilayotgani, xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi tufayli ko‘plab e’tirozlarga, tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotganini ta’kidlashdi. Shu sababdan Kadastr agentligining vakolatlarini belgilash bilan birga majburiyatlarini ham belgilash lozimligiga e’tibor qaratildi. Ya’ni, fuqarolar oldida majburiyatlari bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq qoidalar umumlashtirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi yagona qonun shakliga keltirilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA