Ko‘chatlari bilan gaplashadigan dehqon
Qahramonimiz Abobakr ota Tolibov hech tinib-tinchimaydigan, serharakat, duogo‘y va nuroniy otaxonlardan. Qaysi davraga kirib bormasin, alohida hurmat bilan qarshi olishadi. Noto‘g‘ri gap aytayotgan, birovning ortidan g‘iybat qilayotgan kishini ko‘rsa, dakki bermasdan o‘tmaydi. Shuning uchun ham u kishi bo‘lgan davralarda faqat mazmunli suhbat quriladi.
Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanining, Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi ota 2019 yili xonadoni atrofidagi daladan bir gektar yer olib, tut ko‘chati yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Dunyobegim” fermer xo‘jaligiga asos solgan.
Tasavvur qilyapsizmi, oltmish olti yoshda fermerlikni boshlash kimning xayoliga kelibdi, deysiz. Otadan bu g‘ayratning sababini so‘raganimizda shunday javob qaytardi:
– Bolaligimiz mehnatda o‘tgan. Qishlog‘imizda otamni tanimaydigan odam yo‘q edi. Hamma meni Orifxo‘ja dehqonning o‘g‘li, deb yaxshi ko‘rardi. Onam ham kamtar, kamsuqum ayol bo‘lgan. Otam hamisha halol yashashni, birovning qo‘liga qarab o‘tirmasdan mehnat qilishni, aka-ukalarga nisbatan mehr-oqibatli bo‘lishimizni uqtirib o‘stirgan. Shu sababli ham mehnatni yaxshi ko‘raman. Jim o‘tirishga sabrim chidamaydi. Hamma o‘tirib, yotib dam olsa, men ishlab dam olaman-da, bolam.
Suvlari bir-biri bilan quvlashmachoq o‘ynayotgan ariq bo‘yida o‘tirib, dala shabadasida raqsga tushayotgan tut ko‘chatlariga qarab dilim yayradi. Chindan ham insonning qo‘li gul ekan. Halol mehnat bilan qoq dala markazida tutzor bunyod etish ancha-muncha odamning qo‘lidan kelmaydigan ish. Lekin hali baquvvat bo‘lgan otaga nisbatan keksaygan degan ta’rifni ham berib bo‘lmaydi. Eng asosiysi, otaning yuragi, shijoati va g‘ayrati qarimagan. Uch farzandning otajoni, o‘n nabiraning mehribon bobojoni bo‘lgan qahramonimizning xonadoniga hammaning havasi keladi. Havas qilsa arzigulik qo‘rg‘on qurish esa, oson emas. Buning uchun hayot maktabidagi sabr-bardosh, ishonch, sadoqat, mehr-muhabbat, adolat va saxovat, tafakkur va yaxshilik fanlaridan faqat a’lo baholarga o‘qigan bo‘lish kerak. Demak, fermer ota va ularning mehnatkash rafiqalari Poshshaxon ona ana shunday a’lochi insonlardan ekan.
Yana bir qiziq ma’lumot borki, uni aytish joiz deb o‘ylayman. Odatda ko‘pchilik bozordan tayyor ko‘chatlarni olib kelib, o‘z hovlisiga, bog‘iga, tomorqasiga ekishadi. Ammo ko‘chatni urug‘dan undirishning gashti ham, mehnati ham, shunga yarasha zahmati ham o‘zgacha. Serg‘ayrat qahramonimiz o‘z dalasidagi o‘ttiz ming tup tut ko‘chatini urug‘dan yetishtirib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirmagan bo‘lsalar-da, ularning ismi qishlog‘imizning rekordlar kitobida katta harflar bilan yozilgan. O‘ttiz ming tup ko‘chatni qo‘l bilan yozish yo til bilan aytish, xayol qilish oson, ammo undirish, parvarish qilish, ularga mehr berish biz o‘ylaganchalik oddiy ish emas. Umri davomida bir tup ko‘chat ekmay o‘tgan qancha insonlarni bilamiz. Shaharlarda ko‘chat ekish nimaligini bilmasdan qanchadan qancha bolalar tarbiyalanyapti. Ehhe, ularning son-sanog‘i yo‘q. Abobakr ota esa, nabiralarini tabiatga, xususan ko‘chatlarga mehribon, mehnatkash qilib tarbiyalagan. Fermer ota “Farzandlarga bolalikdan mehnat qilishni o‘rgatish mukammal tarbiyaning oltin ko‘rinishdagi debochasidir”, degan hayotiy falsafaga amal qilib yashaydi.

Otaning yana bir yaxshi odati bor. Har tong atrof yorishishi bilan ertalabki nonushtani ham qilmasdan dalaga borib, tutzor oralab, ko‘chatlar bilan gaplashib kelarkan. Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz, fermer ota ko‘chatlarning tilini bilarkan. Bu haqda ularning o‘zlari shunday deydi: “Mening ertalabki mashg‘ulotim – dalaga borib, ko‘chatlardan xabar olish. Bu ko‘chatlarni bugungi holiga keltirish oson bo‘lgani yo‘q. Ayniqsa, urug‘idan undirish hazilakam ish emas. Avvaliga urug‘ olish uchun “Onalik maydoni”ni tashkil qildik. Pishgan tut mevasidan urug‘ olgandan keyin, ularni yaxshi niyat bilan yerga qadadik. Shu sababli bu nihollar, bu tut ko‘chatlari o‘z bolalarimday bo‘lib qolgan.
bugungi kunda qahramonimizni izlab qishlog‘imizga boshqa viloyatlardan ham mehmonlar kelishadi. Sababi, tutchilik sohasi keyingi yillarda anchayin oqsab, ayniqsa, ipak qurti boqish pallasida pillachilarga tut yetishmasligi muammo tug‘dirayotgan edi. Demak, tutchilikni rivojlantiradigan fermerlarga bugun yurtimizda sezilarli muhtojlik bor. Tut ko‘chatini yetishtirish ilinjida bo‘lganlarga ota o‘z maslahatlarini, ko‘mak va ko‘rsatmalarini beradi. “Biz ham o‘rganganmiz, demak, boshqalarga ham o‘rgatishimiz kerak” deydi tinib-tinchimas fermer.
Yorqinjon Hayitboyev,
Guliston davlat universiteti talabasi.