Ko‘chatchilik. 2 sotox yerdan 60 mln so‘m daromad (+video)
Garchi qishning ayozli kunlari hukmronlik qilayotgan va qorlar ba’zi joylarda erimagan bo‘lsada, shu kunlarda bahorning iliq nafasi ham sezila boshladi. Poytaxt viloyatidagi daraxtlar “uyg‘onay” deb qoldi. Bunday pallada ko‘pchilik yerining biror-bir parchasiga ko‘chat ekish uchun bozorga shoshadi. Mahalla ko‘yda “ko‘chatfurushlarning davri keldi” degan gaplar bot-bot quloqqa chalinib qoladi.
Toshkent tumani “Ibrat” mahallasida yashaydigan To‘laganovlar oilasini ko‘pchilik yaxshi taniydi. Xo‘jalik sohiblari 2 sotox yerida ilk bor “in-vitro” usulida 1.5 ming tup ko‘chatni parvarish qilib, donasini 50-55 ming so‘mdan sotishyapti. Xonadon egalari o‘rtacha 60 million so‘m daromad qilishni chamalashmoqda.
Aytish kerakki respublikamizda “in-vitro” usulida ko‘chat ko‘paytirish boshlanganiga uncha ko‘p bo‘lmadi. Biroq aholida bu tezkor usulga kundan-kunga qiziqish ortib bormoqda. Bunga o‘ziga yarasha sabablar bor.
- Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari hamkorlikda ushbu “in-vitro” usulida yetishtirilgan gilos navini yaratdik, - deydi akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Nodir Jalilov. – Bu payvantagning o‘ziga xos tomonlari gilos ko‘chati baland bo‘lib o‘sib ketmaydi, tez hosilga kiradi va virusga, kasalliklarga chidamli hisoblanadi. Bu xonadonga taqdim etilgan ko‘chatlar loyiha doirasida ekib berilgan, yetishtirishlariga ko‘maklashilgan.
Shu yilning yanvar oyi oxirida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida davlat “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, shuningdek, xususiy “in-vitro” laboratoriyalarini barpo etishga tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar ajratish uchun xalqaro moliya institutlaridan kamida 30 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar jalb etilishi belgilab qo‘yilgan. Demak, yil dasturida aholini yuqori daromadli qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Shu kunlarda tuman va shaharlar kesimida 2025 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxt ko‘chatlarini hamda xonadonlar, ichki ko‘chalarga gul va qalamchalarni ekish dasturlari ishlab chiqilmoqda.
Yil dasturida bahor-kuz mavsumlarida respublikadagi barcha mahallalarning ichki ko‘chalari va aholi xonadonlarida 32 million tup mevali va manzarali daraxtlar, buta ko‘chatlarini hamda rayhon, gultoji, atirgul va boshqa gullar, shuningdek, qalamchalarni ekish va parvarishlab borish ko‘rsatib o‘tilgan. Bu esa joylarda ko‘chatchilik imkoniyatlarini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.
Shu bois akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchi olimlari tomonidan “in-vitro” laboratoriyasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda tuman uchun dastlabki “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan gilosning “Krimskiy-5” payvandtagida “Skina” “Lapins” “Sariq gilos” navlari asosida ko‘chatlarni yetishtirish, ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish va xonadonlar kesimida daromadlarini oshirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, amalga oshirib kelinmoqda. Unga asosan xonadonbay zamonaviy ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida tomorqa xo‘jaliklarida standart gilos ko‘chati yetishtirish texnologiyasi asosida yuqori daromad olish sirlari soha mutaxassislari tomonidan o‘rgatib boriladi. Shuningdek, aholi tomorqalarida bir maydondan asosiy ekinga qo‘shimcha daromad olish uchun ko‘chatlar orasiga gilos bog‘lari tashkil etilib, daromadlari oshiriladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O1NZrLtOsKQ" title="Koʼchatchilik. 2 sotox yerdan 60 mln soʼm daromad" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA