Ko‘plab sport obyektlari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sport jihozlari bilan ta’minlanmoqda
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar safi kengayib, sport inventarlariga talab oshmoqda. Buni poytaxtimizdagi sport tovarlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarning gavjumligidan ham bilsa bo‘ladi.
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan o‘g‘il-qizlar safi kengayib, sport inventarlariga talab oshmoqda. Buni poytaxtimizdagi sport tovarlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarning gavjumligidan ham bilsa bo‘ladi.Chilonzor tumanidagi "Sport buyumlari" xususiy do‘koniga kirdik. Do‘kondagi turli xil bejirim sport anjomlari, trenajyorlar har qanday kishining e’tiborini jalb etib, havas uyg‘otadi. Do‘konga kirgan ota bilan o‘g‘il – o‘n olti yoshlardagi bola diqqatimizni tortdi.
– Tennischilarning raketkasi, kiyimi va to‘pi kerak edi, – dedi ota sotuvchiga.
Sotuvchi yosh sportchiga loyiq sport buyumlarini olib berdi. Bolaning ko‘zlari quvnab ketdi.
– Menga yoqdi, oberasizmi, dadajon? – dedi o‘g‘il. Mahsulotning sifati va narxi otaga ham ma’qul keldi.
– Ilgari xaridorlar so‘ragan mahsulotlarning hammasini ham topib berolmasdik, bugun esa sport inventarlarining deyarli barchasi do‘konimizda mavjud, – deydi do‘kon direktori o‘rinbosari Jamoliddin Akbarov. – Boks qoplari, qo‘lqoplar, kurash, dzyudo, taekvondo, karate formalari, kurash to‘shamalari, tatami, tennis stoli, tennis raketka va to‘plari, gimnastika halqasi, bolalar uchun chiniqish narvonlari va boshqa barcha sport anjomlari bor. E’tiborlisi, ushbu mahsulotlarning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilgan.
Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish samarasida bolalar sporti inshootlarini jihozlashda ishlatiladigan 100 dan ortiq turdagi sport uskuna va anjomlarini mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan qurib, foydalanishga topshirilayotgan ko‘plab bolalar sporti obyektlari Toshkent shahridagi "Asia Sport-S" firmasi, Samarqanddagi "Stekloplastik", Namangandagi "Mashxim" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, Andijondagi "O‘z-Tong-Xong Ko" va Xorazmdagi "Xorazm sport impeks treyd" qo‘shma korxonalari va boshqa qator kompaniyalarda ishlab chiqarilgan sport jihozlari bilan ta’minlanmoqda.
Ushbu sohaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlarining qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularga keng imtiyoz va qulayliklar yaratilayotgani bunda muhim omil bo‘layotir. Poytaxtimizdagi "Asia Sport-S" firmasi ana shunday korxonalardan biri. Korxona 2006-yildan beri O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘tgan davr mobaynida bu yerda 40 turdagi sport inventarlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Mahalliy xomashyodan foydalangan holda sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, boks, basketbol, voleybol, gandbol, stol tennisi jihozlari, sport o‘rindiqlari, qator sport turlari uchun mo‘ljallangan to‘shamalar ishlab chiqarilmoqda.
Bu yerda tayyorlangan sport jihozlariga talab yuqori. Korxonada ellikdan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda.
– O‘g‘lim Olimjon tennis bilan shug‘ullanadi, – deydi poytaxtlik Hojiakbar Nabiyev. – Bugun unga tennischilarning kiyimi, raketkasi va to‘pini olib berdim. Bolalarni sportga jalb etishda sport inventari muhim ahamiyat kasb etadi. Sport anjomi avvalo sifatli va bola uchun xavfsiz bo‘lishi lozim. Yurtimizda tayyorlanayotgan sport tovarlarining mana shu talablarga javob berayotgani quvonarlidir.
Bugungi yoshlarga havas qilsa arziydi. Yurtimizning eng olis qishloqlarida ham zamon talablari asosida barpo etilgan va jihozlangan sport inshootlari ko‘zni quvontiradi. Ularda bolalar o‘zlari sevgan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoit, jumladan, sport jihozlari muhayyo etilgan. Bu mamlakatimizda yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, aholining farovon turmush tarzini, munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.