Koʻp qavatli uylar qurilishi davom etmoqda
Ushbu turar-joy majmuasi loyihasidan 100 oʻrinli bolalar bogʻchasi, mahalla fuqarolar yigʻini binosi ham joy olgan.
Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani Yangiobod mahallasi hududida “Aktash Global Trade” xususiy korxonasi tomonidan 2 va 3 xonali 104 ta xonadondan iborat 4 ta koʻp qavatli turar-joy qurilishi boshlandi.
Ushbu turar-joy majmuasi loyihasidan 100 oʻrinli bolalar bogʻchasi, mahalla fuqarolar yigʻini binosi ham joy olgan.
Bundan tashqari, xuddi shunday koʻp qavatli uylardan iborat moʻjaz mahalla massivi Xoʻjand qishlogʻida ham barpo etilmoqda. Qishloqning qiyofasini yaxshilash, aholining turmush madaniyati va farovonligini oshirish maqsadida qurilayotgan bu uy-joylar yurtdoshlarimizga uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida taqdim etiladi.
Kumidon mahallasida esa davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi hamda maishiy xizmat koʻrsatish markazi qurilishi qizgʻin davom etmoqda. Mahalliy tadbirkorning 2,5 milliard soʻm sarmoyasi bilan barpo etilayotgan ikki qavatli markazda barcha aholi uchun zarur boʻlgan maishiy xizmat shaxobchalari, konditerlik va tikuvchilik sexlari oʻrin oladi. Joriy yilning avgust oyida ishga tushishi rejalashtirilgan markazda 100 dan ortiq mahalla yoshlari ish bilan taʼminlanadi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin sharoitida tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotini oʻrganish, yuzaga kelayotgan muammolar yechimi boʻyicha tezkor choralar koʻrish maqsadida Toʻraqoʻrgʻonda boʻlgan viloyat hokimi X. Bozorov aholining yashash sharoitini yaxshilash, ipoteka krediti bozorini yana-da rivojlantirish, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joylar qurilishiga keng jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.