Klasterlar o‘n ikki yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi
Navoiy viloyatida xizmat safarida bo‘lgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov Navbahor tumanidagi dehqon va tomorqachilar bilan uchrashdi. Misol uchun, “Turkiston agro tomorqa xizmati” MCHJ faoliyati bilan tanishib, tadbirkor tashkil etgan zamonaviy issiqxona va unda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu korxona negizida 2021 yilda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha tomorqachilik klasteri tashkil etish ko‘zda tutilgan. Buning uchun talab talab etiladigan moliyaviy resurslarni kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘laridan imtiyozli kredit sifatida ajratib berishga kelishib olindi.
Bundan tashqari “Yangiyo‘l” mahallasida yashovchi Bahodir Jo‘rayevning 13 sotixdagi tomorqasidagi o‘simliklar parvarishi borasida maslahatlashildi. 2 sotix issiqxonada bodrng va ko‘katlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, 4 bosh qoramol, 21 parranda, 8 quyon va 21 quti asalari parvarishlanayotgani oila farovonligini oshirishda qo‘l kelmoqda. Ushbu mahalladagi Kamol Karimov ham 8 sotixdan unumli foydalanmoqda. 1,5 sotixli issiqxonada kartoshka, 0,5 sotixli issiqxonada sabzavot ko‘chatlari ekilgani buning yorqin isbotidir. 10 bosh qo‘y, 51 parranda, 12 quti asalari oilasi esa daromadga daromad qo‘shmoqda.

Ushbu xonadonlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda har bir xonadonda to‘qsonbosti ekinlarini ekish, yengil konstruksiyali ixcham issiqxonalar tashkil etish, parranda, quyon, asalari boqishni yo‘lga qo‘yish borasida takliflar berildi.
Qayd etish kerakki, “Yangiyo‘l” mahallasida 873 nafar dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari ixtiyorida 87,4 gektar ekin maydoni bor. Mahalladagi 67 ta issiqxonada limon, pomidor, bodring, ko‘katlar va to‘qsonbosti sabzavot ekinlari yetishtirilmoqda. Mahalla “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavotchilikka ixtisoslashgan.
Mazkur tumanda aholi gavjum joylarda “Dala do‘konlari”ni qurish, “Namunali mahalla”, “Namunali Tomorqa xizmati” MCHJ, “Namunali qishloq xo‘jaligi kooperativi” tashkil etish hamda suv ta’minoti og‘ir aholi xonadonlarida artezian quduqlarini qazish ishlari ham qizg‘in bormoqda.
Karmana tumanida ham aholi tomorqalarida sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti ekinlari ekilishi, namunali mahallalar, namunali “Tomorqa xizmati” MCHJlar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari tashkil etilishi, dala do‘konlari va muzlatkichli omborxonalar qurish ishlari jadallashmoqda. Jumladan, tumandagi “Karmana tomorqa xizmati 2” MCHJ issiqxona va aholi xonadonlari uchun sabzavot ekinlari, ko‘chatlari, to‘qsonbosti ekinlari uchun sabzi, piyoz, karam va har xil turdagi ko‘kat urug‘lari, mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib bermoqda.
“Karmana tomorqa xizmati 2” kelgusida tomorqa klasteriga aylantiriladi va 12 ta yo‘nalishdagi tarmoqlarda faoliyati tashkil etiladi. Kelgusida tadbirkor aholiga xizmat ko‘rsatish salmog‘ini yanada kengaytirish va moddiy texnik bazasini rivojlantirish maqsadida 3000 million so‘m imtiyozli kreditga ehtiyoji bor edi. Albatta, kengash huzuridagi jamg‘arma bu borada tadbirkorni yaqindan qo‘llab-quvvatlaydi.
Tumanning “Uyrot” namunali mahallasida yashovchi Elmurod Kenjayev 8 sotixda dehqonchilik qiladi. Shundan 2 sotix issiqxonada banan, limon, mandarin, gul ko‘chatlari har xil turdagi ko‘katlar yetishtirmoqda. Xonadonda 8 ta qo‘y, 6 bosh qoramol, 50 ta tovuq parvarishlanadi, har xil mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtirmoqda. Ushbu mahallada ham malakali, usta dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Ayni vaqtda “Uyrot” mahallasida 1006 nafar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari ixtiyorida 51 gektar ekin maydoni bor. Ushbu mahalla “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lsada, 24 gektar yerda 37 issiqxona barpo etilgan. Unda limon, pomidor, bodring, ko‘katlar va to‘qsonbosti sabzavot ekinlari yetishtirilmoqda. 200 tadan ortiq xonadonda ikki-uch martadan hosil olinayotgan bo‘lsa, 590 ortiq xonadonda chorva mollari boqilmoqda.
O‘zA