Kitobxonlik kelajagi muhokama markazida
Boyovut tumanida axborot-kutubxona tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan axborot-kutubxona xizmatlari sifatini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Boyovut tumanida axborot-kutubxona tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan axborot-kutubxona xizmatlari sifatini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati Axborot-kutubxona markazi rahbari Oybek Karimov, tuman hokimining o‘rinbosari Avazbek Alashukurov, soha mutasaddilari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida Boyovut tuman Axborot-kutubxona markazining bugungi faoliyati atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar muhokama qilindi.


Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholining mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va kutubxona xizmatlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada axborot-kutubxona markazlari aholining bilim va ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim o‘rin tutmoqda.


Yig‘ilishda kitob fondlaridan samarali foydalanish, elektron katalog va raqamli xizmatlarni kengaytirish, kitobxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirishga qaratilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, mahallalar, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali kitobxonlar qamrovini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etish, yangi loyihalarni amalga oshirish, kitob targ‘ibotiga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lamini kengaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Mas’ullarga har bir kitobxonning ehtiyojidan kelib chiqqan holda zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri