“Kitoblar karvoni” Farg‘onaga yetib bordi
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tomonidan nashr ettirilgan uslubiy qo‘llanma va risolalardan tarkib topgan 10 nomdagi “Kitoblar karvoni” Farg‘ona viloyatiga yetib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlarida qator vazifalar belgilandi.
Ushbu topshiriqlarni bajarish maqsadida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Farovon oila sari” g‘oyasi ostidagi haftalik tashkil etilmoqda. Mazkur haftalik doirasida institutning ilmiy xodimlari tomonidan “Kitoblar taqdimoti”, “Ilmiy-amaliy seminarlar”, “Xalqaro konferensiyalar”ni tashkil etish va o‘tkazish rejalashtirilgan. Belgilangan vazifalar doirasida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari va soha mutaxassislari hamkorligida nashr ettirilgan adabiyotlar, ilmiy-metodologik risolalar, qo‘llanmalar, broshyuralarni viloyatlarda faoliyat olib borayotgan mahalla tizimidagi xodimlarga hamda oila vakillariga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Kitoblar karvoni” aksiyasi doirasida Farg‘ona viloyatiga adabiyotlar to‘plami yuborildi.

Tadbir doirasida “Mahalladagi xotin-qizlar faoli faoliyatini tashkil etish”ga bag‘ishlangan uslubiy qo‘llanma, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga psixologik yordam ko‘rsatish”, “Qarindoshlar o‘rtasida nikoh: sabab va oqibatlar” singari 10 nomdagi turli ilmiy-ommabop va metodik adabiyotlar Farg‘ona viloyati Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi boshqarmasiga beg‘araz taqdim etildi.
So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlari yo‘lida bajarilayotgani va institut ilmiy salohiyatini amaliyotda qo‘llash oilalar mustahkamligini kuchaytirish, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish hamda qo‘llab-quvvatlash borasida samarali ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega.
Ushbu amaliy ishlar “15 may – Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Farovon oila sari” g‘oyasi ostida kompleks chora-tadbirlar hamda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazishni rejasi tasdiqlangan vazifalar ijrosini amalga oshirishning mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qilmoqda.