“Kitob dunyosi” bilan o‘zlikka safar
“Kitob dunyosi” gazetasini o‘qimaydigan, sal kechiksa, sog‘inmaydigan o‘quvchi topilmasa kerak. Gazetaning shiori – “Kitobsiz kelajak yo‘q!”
Bu da’vat mamlakatimizda olib borilayotgan mutolaaga muhabbat va kitobxonlik bilan bog‘liq ezgu ishlarga mos, hamohang. Gazetaning har yangi soni adabiy hayotimizga o‘ziga xos yangi ob-havo olib kiradi. Undagi kichik bir lavhadan ko‘lami keng maqolagacha, adabiy suhbat, esse, she’rdan to hikoyalargacha inson qalbiga xitob yangrab turadi. “Kitob dunyosi”ning geografiyasi ham xuddi tabiati singari keng. Turkiy olam va jahon adabiyoti namunalari – she’r, hikoyalari, mashhur so‘z ustalarining hayot va uning badiiyat – kitobga ko‘chish azobi, so‘z san’ati va inson haqidagi ajib qarashlari o‘quvchi ko‘ngliga ham ko‘chadi.
“Kitob dunyosi”ning yangi soni Shavkat Rahmonning “Umr – qumsoat ham yarimlab qoldi” falsafiy she’ri bilan boshlanadi. Ozarboyjonlik yozuvchi, dramaturg Firuz Mustafoning “Yozuv stolimda o‘zimni emin-erkin his qilaman” nomli dil izhori ko‘ngilda o‘chmas iz qoldiradi. Amerikalik yozuvchi, adabiyotshunos olima Syuzen Zontagning argentinalik benazir adib Borxes bilan intervyusi... Halima Ahmadning “Ufqlar ortida zangori yo‘l bor...” she’riy guldastasi, Shukrulloning dilga yaqin kechinmalari, Lev Tolstoyning “Ilohiy nur”, Shukur Xolmirzayevning “Navro‘z, Navro‘z...” hikoyasi, turk bolalar adibasi Gulsum Chengizning, janubiy koreyalik Nam Sang Son va chex – Yaroslav Gashekning asarlari, Nasrullo Ergashning ehtirosga yo‘g‘rilgan dardli she’rlari, Ulug‘bek Hamdamning “Sulton Qutuz saboqlari” nomli taqriz-tahlili va hokazo... Bularning hammasi bitta gazeta sahifalarida...
“Kitob dunyosi”ga yuzlaning. U sizni ezgulik olami sari yetaklaydi.
O‘zA