Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazish borasidagi faoliyati takomillashtiriladi
Har bir mustahkam tizim asosini qonun ustuvorligi tashkil etadi. Hech bir soha busiz rivoj topmaydi.
Shu maqsadda, Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazish borasidagi faoliyatida “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-iyunda imzolangan hujjatga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasini baholash filmni ommaviy namoyish etish va xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi. Huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi.
Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’ektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi. Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralari qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Sherbek Islomov,
O‘zA