Kimning kimligi sinovli kunlarda bilinadi
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bugun butun dunyo mamlakatlarining bosh shioriga aylangan.
El boshiga ish tushganda
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bugun butun dunyo mamlakatlarining bosh shioriga aylangan. Fuqarolar salomatligini asrashdek muhim jarayon har qaysi davlatda deyarli bir xil kechmoqda.
Mamlakatimizda kasallikka chalingan bemorlarning koʻpchiligi koronavirus yuqtirgan shaxslar bilan muloqotda boʻlgan kishilardir.
Hozirgi holat, eng avvalo, chetdan kirib kelayotgan hamyurtlarimizning uylariga borishdan oldin, albatta, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, oʻzlarini tekshirtirib olishini talab qiladi. Tasavvur qiling, oʻz ota-onangizga, oilangizga, bolangizga dahshatli kasallik yuqtirib qoʻysangiz-u, Xudo koʻrsatmasin, Namanganda boʻlgan fojia qaytarilsa, siz oʻzingizni kechira olasizmi? Oʻshandaylarning boshiga tushgan kulfat boshqalarga, barchamizga ibrat boʻlmogʻi lozim.
Arablarda “Jasurni jang sinaydi, donishmandni — gʻazab, doʻstni — muhtojlik” degan ajoyib naql bor. Biz oʻzbeklarda esa, doʻst boshingga ish tushganda sinaladi, deyishadi. Oʻz jigariga, yaqiniga, qavmi, qolaversa millatiga, qayta-qayta taqiqlarga qaramay koronavirusdek baloni ravo koʻrayotganlarni kim deb atash mumkin?!.
Bugun koronavirus tufayli yurtimizda aholining jipslashuvi, bir oila boʻlib birlashuvi kuzatilmoqda. Qiyin, sinovli kunlarda birdamlik juda muhim. Birdamlik, hamjihatlik, jipslashuv bilan har qanday favqulodda holatni yengsa boʻladi.
Kimning aslida kimligi, el boshiga ish tushganda bilinadi, deyishadi. Shu kunlarda oʻzi va oilasinigina emas, balki, mahallasi, qishlogʻi, shahridagi barchaning, eng avvalo, kam taʼminlangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarning holidan xabar oluvchilar, birov aytmasa-da, vijdon amri bilan qoʻni-qoʻshnisi eshigi oldiga masalliq qoʻyib ketayotgan yurtdoshlarimiz safi kengayib bormoqda.
Quvonarlisi, bu saxovat tadbirlarida barcha, xoh u oddiy, oʻziga toʻq fuqaro yoki yakka tadbirkor boʻlsin, xoh xususiy korxona yoki davlat tashkilotlari boʻlsin, barcha faol ishtirok etishni oʻz burchi deb bilayotganida.
Albatta Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi xodimlari ham yurtimizda amalga oshirilayotgan xayr-saxovat tadbirlaridan chetda qolmayapti. Boshqarma jamoasi va uning tuman, shahar adliya boʻlimlari tomonidan bir kunlik ish haqi Oʻzbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga oʻtkazib beriladigan boʻldi.
“Biz birgamiz!” loyihasi doirasida viloyatda istiqomat qilayotgan yuzdan ziyod kam taʼminlangan oilalarga 13 turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari solingan ijtimoiy qutilar ehtiyojmand, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga yetkazib berildi.
Adliya boʻlimlari xalqimizga karantin paytida huquqiy maslahat berish va murojaatlarni qabul qilishda onlayn tizimga oʻtdi. Murojaatlarni “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi “Huquqiy targʻibot va maʼrifat” hamda “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifalarimiz orqali qabul qilyapmiz.
Huquqiy targʻibotni ham onlayn tarzda olib boryapmiz, xodimlarimiz viloyat hududidagi mahallalar, barcha tashkilotlar va korxonalar, muassasalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga koronavirusga qarshi kurashish borasida qabul qilingan qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini ochib beruvchi infografikalar, maqolalar va “Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi ogohlantiradi!” mavzusida roliklar joylashtirib borilmoqda.
“Xalqimga bir nafim tegmagan kunni, umrim hisobiga qoʻsha olmayman”, deya yozgan edi shoir Maʼsudi Saʼd Salmon.
El boshiga ish tushgan bugungi sinovli kunlarda barchamiz birlashsak, hamjihat va ahil boʻlsak har qanday muammoni yengamiz.
Jamshidxon NURITDINOV,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi