“Kim yurtiga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!”
Andijon shahridagi harbiy gornizonda mamlakatimizda oʻtkazilayotgan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida “Kim yurtiga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shoiri ostida oʻquvchi yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.
Andijon shahridagi harbiy gornizonda mamlakatimizda oʻtkazilayotgan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida “Kim yurtiga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shoiri ostida oʻquvchi yoshlar festivali boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda harbiy garnizon hamkorligida harbiy xizmatchilar, umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan festival ochilishida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, harbiy burchga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Festival doirasida qator tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazildi. Jumladan, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi sovrini uchun viloyatdagi umumtaʼlim maktablarining 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida eʼlon qilingan “Kim yurtiga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostidagi “Yosh harbiylar” musobaqasining viloyat bosqichida yoshlar harbiy vatanparvarlik, vatanga sadoqat, davlat ramzlariga hurmat, ajdodlar merosidan qay darajada xabardor ekanliklari borasidagi bilimlari, faol fuqarolik pozitsiyasi va mustaqil qaror qabul qilish, chaqqonlik, epchillik koʻnikmalari boʻyicha oʻzaro bahslashdi.
Yakunda yuksak bilim va mahoratlarini namoyish etgan Izboskan tumandagi 31-umumtaʼlim maktabi jamoasi gʻolib deb topildi. Andijon tumanidagi 53- umumtaʼlim maktabi jamoasi ikkinchi, Paxtaobod tumanidagi 35-umumtaʼlim maktabi va Andijon shahridagi 35-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoalari uchinchi oʻringa sazovor boʻldi.
“Vatan himoyasi - oliy qadriyat” mavzusida oʻtkazilgan insholar, “Vatan - aziz, tinchlik - bebaho” mavzusida ommaviy vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar tanlovlarida oʻquvchi yoshlar oʻzlarining bilim va isteʼdodlarini namoyish etdi.
- Yozgan ijodiy ishim bilan insholar tanlovining gʻolibi boʻldim, - deydi Marhamat tumanidagi 14-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Muxlisa Qurbonova. - Ushbu festivalda ishtirok etib, biz yoshlarning Vatan himoyachilariga, harbiy xizmatchilarga boʻlgan hurmatimiz yanada ortdi, harbiy-vatanparvarlik borasidagi bilimlarimiz yanada oshdi.
Andijon shahar, Andijon, Marhamat, Xoʻjaobod, Qoʻrgʻontepa, Izboskan tumanlarining chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fani oʻqituvchilaridan iborat jamoalar oʻrtasida sportning voleybol, basketbol, futbol turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Harbiy qism xizmatchilari hamda Andijon shahar umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari jamoalari oʻrtasida oʻtkazilgan futbol musobaqasini barcha katta qiziqish bilan kuzatdi.
Vatan madhini tarannum etuvchi “Men Vatanimni kuylayman!” shiori ostidagi qoʻshiqlar tanlovida esa Marhamat tumanidagi 20-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Ahliddin Xolmatov, “Vatan tinchligi va obodligi bolalar nigohida” mavzusida oʻtkazilgan tasviriy sanʼat asarlari tanlovida Paxtaobod tuman 21-DIMI oʻquvchisi M. Mahmudjonov, Andijon tumanidagi 33-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi G. Mansurovalar gʻolib, deb topildi.
“Yangi Oʻzbekiston - yangi saylovlar!” shiori ostida oʻquvchi-yoshlar jamoalari tomonidan yoshlarning yurtimiz kelajagi va ravnaqida muhim jarayon hisoblangan saylovlarda faol ishtirok etishi aks ettirilgan sahna koʻrinishlari, badiiy kompozitsiyalarda yurtdoshlarimizning ertaga boʻlib oʻtadigan saylovlarda faol qatnashishga chaqiriqlar yangradi.
Harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilariga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Oʻquvchi yoshlar harbiy qismdagi harbiy texnika va qurol-aslahalar, harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Yakunda festival tadbirlarining faol ishtirokchilari, tanlovlar gʻolib va sovrindorlari viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.