Kikboksingchilarimiz Italiyada yurt sharafini ulug‘ladi
Italiyaning Jesolo shahrida kikboksing bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida yakunlangan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 4 ta oltin medalga ega chiqdi.

Shiddatli bahslarning 45 kg. vazn toifasida Miraziz Ortiqov full-kontakt yo‘nalishida qozog‘istonlik Kazbek Bayaxmetovni, 60 kg. vaznli Mehroj Jumaboyev ukrainalik, 42 kilogrammda Ulug‘bek Bahodirov yana bir qozog‘istonlik sportchini, shuningdek 32 kilo og‘irlikda Asadbek Abduraimov layt kontakt yo‘nalishida angliyalik sportchini finalda mag‘lub etib g‘oliblikni tantana qilishdi.

Ular sharafiga Italiya sport maydonida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, xur bayrog‘imiz yuksaldi.
Mazkur jahon chempionatida muvaffaqiyatga erishgan yurtimiz kikboksingchilari ertaga 10 oktyabr kuni Toshkentga qaytib kelishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA