Kiberxavfsizlik iqtisodiy barqarorlik va jamiyat himoyasi bilan bevosita bog‘liq strategik yo‘nalish sifatida belgilandi
Yangi farmon
Bugungi kunda davlat boshqaruvi, moliya tizimi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va hatto kundalik maishiy xizmatlar ham raqamli platformalarga ko‘chmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, kiberxavfsizlik masalasini dolzarb darajaga ko‘taradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kiberjinoyatlar soni avval 18 tur bilan sodir etilgan bo‘lsa, bugunga kelib 62 turga yetgan. So‘nggi besh yil ichida kiberjinoyatlar soni 68 barobar oshgan. Bu jinoyatlarning asosiy qismi, deyarli 98 foizini bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda kiberjinoyatchilikning oldini olish hamda uning yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi omillar xususida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Sag‘dullayevning fikrlariga qiziqdik.
– So‘nggi yillarda kiberjinoyatchilik ko‘lami keskin kengayib bormoqda, – deya fikrini boshladi Jahongir Sag‘dullayev. – Avvalo, global tarmoqdan foydalanayotgan har bir shaxs kiberxavfsizlik masalalarida alohida ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim. Bu globallashuv bilan bog‘liq jarayon. Darhaqiqat, soxta havolalar orqali ma’lumot o‘g‘irlash, zararli dasturlar tarqatish, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on sahifalar ochish orqali fuqarolarga ziyon yetkazish usullari ko‘paymoqda.
Oqibatda shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlar qo‘lga kiritilib, achinarli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda ham muhim vazifalar belgilandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yilning 10-mart kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ayni yo‘nalishda muhim dastur vazifasini bajaradi.
Mazkur farmon bilan kiberxavfsizlik oddiy texnik masala emas, balki milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va jamiyat himoyasi bilan bevosita bog‘liq strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. Eng muhim jihati, kiberxavfsizlikni ta’minlashda kompleks yondashuv ustuvor etib belgilanib, unda texnologiya, qonunchilik, inson omili va xalqaro hamkorlik o‘zaro uzviy bog‘liq holda rivojlantirilmoqda.
Xususan, milliy kiberxavfsizlik tizimini rivojlantirish orqali davlat organlari va muhim infratuzilmani kibertahdidlardan himoya qilish, tizimlar barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, kiberxavflarni kamaytirish maqsadida tahdidlarni erta aniqlash, ularga tezkor javob berish hamda samarali axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri etib belgilandi.
Farmonda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar salohiyatini oshirish va raqamli kriminalistikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, xususan, raqamli identifikatsiya tizimlarini takomillashtirish hamda sun’iy intellekt asosidagi xavfsizlik yechimlarini qo‘llash ham ustuvor yo‘nalishlar qatoridan o‘rin olgan.
Bundan tashqari, ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan qonunchilik bazasini mustahkamlash, kiberxavfsizlik standartlarini joriy etish va xususiy sektor mas’uliyatini oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, aholi va kadrlar salohiyatini oshirish hamda kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish ham hujjatda ustuvor vazifa etib belgilandi.
– Ma’lumki, kiberxavfsizlikni ta’minlashda avvalo davlat organlarining sa’y-harakatlari muhim. Lekin fuqarolardan bu borada nimalar talab qilinadi?
– So‘nggi vaqtlarda aholi orasida uchrayotgan kiberjinoyat holatlari tahlil qilinganda, ularning aksariyati oddiy ehtiyotsizlik yoki axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘layotgani kuzatilmoqda. Xususan, firibgarlar tomonidan yuborilayotgan soxta havolalar orqali bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish, ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on sahifalar orqali aldash kabi holatlar ko‘paygan.
Shu o‘rinda aytish lozimki, kiberxavfsizlikni ta’minlashda faqat davlat organlarining sa’y-harakatlari yetarli emas. Bu jarayonda har bir fuqaro faol ishtirok etishi, o‘z shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga mas’uliyat bilan yondashishi talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, fuqarolar tomonidan oddiy, biroq samarali kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etish muhim ahamiyatga ega. Jumladan, shubhali havolalar va noma’lum manbalardan kelgan xabarlarni ochmaslik, bank kartasi ma’lumotlari, SMS-kodlar hamda parollarni hech kimga oshkor etmaslik talab etiladi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarga o‘ta shaxsiy ma’lumotlarni joylashtirmaslik, akkauntlarni qo‘shimcha himoya vositalari bilan ta’minlash, xususan, ikki bosqichli tasdiqlash (2FA) tizimlaridan foydalanish orqali xavf-xatarlarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, kiberxavfsizlikni ta’minlashda innovatsion yondashuvlar, jumladan, sun’iy intellekt, “katta ma’lumotlar” (big data) tahlili va avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari muhim. Ko‘plab davlatlarda bu texnologiyalar orqali kibertahdidlar erta bosqichda aniqlanib, ularga nisbatan tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Mamlakatimizda ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali milliy kiberxavfsizlik tizimi bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamlashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda kiberxavfsizlik masalasiga beparvo qarash jiddiy oqibatlarga olib keladi. Shu bois, har bir fuqaro axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilishi, raqamli madaniyatini oshirishi va internetdan ongli foydalanishi bugungi kunning dolzarb talabiga aylanmoqda.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA