Kelajakka teran nigoh bilan boqayotgan Indira
Zulfiyaxonim izdoshlari
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti matematika fakultetida tahsil olayotgan Indira Satniyazovaning yutug‘i butun Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Indira Satniyazova 2023-2025-yillar davomida matematika va fan sohasida bir qator nufuzli olimpiadalar, tanlovlar va xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etib, o‘zining aql-zakovati, mehnatsevarligi va bilimga bo‘lgan chinakam qiziqishini namoyon etdi. U ilmiy izlanishlar va murakkab matematik masalalarni yechishda o‘ziga xos intizom va qat’iyatini namoyon etib, professor-o‘qituvchilar va tengdoshlari orasida doimo hurmat qozondi.
2023-yil may oyida Indira Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib o‘tgan “Rektor kubogi” olimpiadasida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu yili u “Milliy sertifikat, matematika” sinovida yuqori ko‘rsatkichga erishib, o‘z bilimni yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, 2023-yil noyabr oyida “Qori Niyoziy izdoshlari olimpiadasi”da sertifikatga sazovor bo‘lib, ilmiy faoliyati doimiy rivojlanib borayotganini namoyish etdi.
U “Siberian Math Competition 2023” xalqaro olimpiadasida jamoaviy va individual kumush medallarni qo‘lga kiritib, xalqaro miqyosda ham o‘zini namoyon etdi. Bu yutuqlar Indira jahon miqyosida raqobatbardosh, iqtidorli va yetakchi talaba ekanligini ko‘rsatdi.
Indira “Open Mathematical Olympiad for University Students, OMOUS 2024” (Ashxobod, Turkmaniston) olimpiadasida jamoaviy bronza va individual kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Shu yili “10th North Countries Universities Mathematical Competition NCUMC 2024”da bronza medali bilan taqdirlandi. U o‘zining akademik faolligini davom ettirib, 2024-yil oktabr va fevral oylarida “Milliy sertifikat, matematika” sinovida A+ baholarini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, 2023-yilda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovida g‘olib bo‘ldi va IMC qo‘shma ta’lim dasturiga qabul qilindi. 2024-yilda “TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni”da o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi. Ushbu natijalar uning bilimga chanqoq, tirishqoq va doimiy o‘sishga intiluvchi shaxs ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Indira Satniyazova 2024-2025-yillar davomida nafaqat olimpiadalarda, balki ilmiy faoliyatda ham faol ishtirok etib, bir qator nufuzli maqolalar e’lon qildi. Uning maqolalari matematik tenglamalar, integral hisoblash, modulli tenglamalar, matritsalar va algebraik strukturalar kabi murakkab mavzularni qamrab oladi va ularni yechish usullarini tizimli hamda amaliy nuqtai nazardan yoritadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Grant KarSU dasturi ma’lumotlar bazasi” loyihasining mualliflaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, u Matematika fakultetida birinchi kurs talabalarini xalqaro va respublika olimpiadalariga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan “Yosh matematiklar” to‘garagida faol ishtirok etadi. Ushbu to‘garak algebra va funksional analiz kafedrasi dotsenti Amir Alaudinov rahbarligida olib boriladi va Indira talabalarga murakkab masalalarni yechish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ilmiy tafakkurni shakllantirish bo‘yicha yordam beradi.
[gallery-28202]
Ushbu yutuqlari va doimiy izlanishlari natijasida Indira 2024-yilda Prezidentimiz tomonidan iqtidorli talabalar uchun ta’sis etilgan “Prezident granti” stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Keyingi yillarda esa uning xalqaro olimpiadalarda erishgan muvaffaqiyatlari, jumladan, “SIMO 2025”dagi kumush medali va boshqa faoliyatlari, ilmiy va ijodiy salohiyatini yanada mustahkamlab, unga Sarimsoqov stipendiyasi sohibi bo‘lish imkonini berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Yoshlar parlamenti a’zosi,Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni sovrindori Indira Satniyazovaning bilimga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi, xalqaro olimpiadalarda erishgan muvaffaqiyatlari, stipendiya va sertifikatlari uning kelajakda ilm-fan va ta’lim sohasida yanada katta natijalarga erishishiga ishonch uyg‘otadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.