“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida bitiruvchilarning til ko‘nikmalari baholanmoqda
Toshkent shahrida umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari uchun xorijiy til ko‘nikmalarini baholash jarayonlari bo‘lib o‘tayapti. Mazkur tadbir “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
Baholash jarayonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Ushbu jarayonda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarining 3 ming 234 nafar 11-sinf o‘quvchisi ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar loyiha doirasida tashkil etilgan fakultativ mashg‘ulotlarda o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar orasidan saralab olingan.
Mazkur baholashdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar o‘quvchilarning xorijiy til bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini aniqlash, ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, o‘quvchilarni xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritishiga ko‘maklashishdan iborat.
“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida o‘quvchilarning tilni amaliyot orqali o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilib, ularning erkin muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhit yaratilmoqda.
Ushbu baholash jarayonlari natijalari asosida o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi tahlil qilinadi. Mavjud yutuq va kamchiliklar aniqlanadi.
Shu bilan birga, bunday baholash jarayonlarini kelgusida bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqib yanada ko‘proq yoshlar qamrab olinadi.
“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi yurtimizda xorijiy tillarni puxta egallagan, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega yosh avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA