“Kelajak o‘yinlari – 2026: O‘zbekiston fijital-futbolchilari yarim finalda
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 8 ta fijital sport yo‘nalishlarida o‘tkazilayotgan “Kelajak o‘yinlari - 2026” musobaqalarining final bosqich bahslari tobora yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.
Kuni kecha fijital-futbol o‘yinlarining chorak final musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz vakillari ushbu bosqichda Rossiya Federatsiyasining FFK “ROTOR CISS GROUP” jamoasi bilan kuch sinashdi.
Maydonda hamda maydon tashqarisida kompyuter futbolidagi murosasiz bahsda O‘zbekiston jamoasi raqiblarini umumiy hisobda 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Aytish lozim, futbol maydonidagi musobaqada hamyurtlarimiz 2:1 ko‘rinishida ustunlikka erishgan bo‘lsa, raqamli o‘yinda tomonlar (0:0) nursiz durangga erishdi.
Yana bir e’tiborli jihati, yarim finalga Osiyo jamoalari orasida faqat O‘zbekiston vakillari yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Qolgan 3 ta yarim final chiptasiga esa Amerika qit’asining Gvatemala, Argentina va Meksika jamoalari ega chiqdi.

Sovrin jamg‘armasi 4 million AQSH dollaridan iborat “Kelajak o‘yinlari-2026” o‘yinlarining just danse(Just Dance) musobaqalarida o‘z omadini sinovdan o‘tkazgan yurtdoshimiz Sog‘diyona Abduxoliqova armanistonlik Lala Gevorgyanni 2:0, rossiyalik Konstantin Fominni 2:1 hisobida dog‘da qoldirdi.
Biroq, yarim final ostonasida Fransiya vakiliga imkoniyatni boy berib, kuchli to‘rtlikda musobaqani yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, 50 ga yaqin davlatning 800 nafardan ortiq eng mahoratli fijital sportchilari ishtirok etayotgan “Kelajak o‘yinlari-2026”ning final musobaqalari ertaga 9-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA