Kelajak kasblari atlasi ishlab chiqilmoqda
bugungi kunni yangi zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Ular yashash tarzimizni yengillashtirmoqda. Masalan, internetni olaylik, u orqali dunyoning har bir nuqtasi bilan muloqot qilish mumkin.
Zamonaviy dunyoda axborot almashinish tezligi va uning hajmi favqulodda darajada o‘sib bormoqda. Xalqaro ma’lumotlar korporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda raqamli koinot 40 zettabaytga yetdi. 2010 yil boshidan beri ma’lumotlar hajmi 50 barobar o‘sdi. Bunday tezlik nafaqat yangi kasblarning paydo bo‘lishi, balki bir qator kasblarning eskirishiga ham olib keladi.
Internet tufayli kraudfanding va mobil bank kabi yangi moliyaviy texnologiyalar tanish bo‘lib qoldi. Raqamli kodlar (kripto-valyutalar) asosida yangi valyutalar paydo bo‘ldi va tarqatilgan ma’lumotlarni saqlash tizimlari (blokcheyn) yaratilmoqda. Bu tendensiyalar mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarning sezilarli darajada o‘zgarishi, yangi kasblarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu tendensiyalarni e’tiborsiz qoldirish esa sira mumkin emas.

Shu jihatdan qaralganda, mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalardan foydalana oladigan mutaxassislar va menejerlarni tayyorlash juda muhim bo‘lib qolmoqda. Yana bir muhim ustuvor yo‘nalish – o‘zimizning yangi texnologiyalarimiz va standartlarimizni yaratishga katta e’tibor qaratish lozim.
Toshkent teleminorasida Bank-moliya akademiyasi vakillari, Rossiyaning “Gazprombank” ekspertlari, OAV vakillari va blogerlar ishtirokida “Kelajak kasblari” mavzuiga bag‘ishlangan anjumanda shu masalalar xususida fikr yuritildi.
Unda Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarov, onlayn ishtirok etgan “Gazprombank” AJ ekspertlari Nikolay Kulikov, Mark Partrij, Aleksandr Dugin va boshqalar anjumanda mehnat bozorini rivojlantirish tendensiyalari, XXI asrda odamlar mehnat faoliyatining yangi yo‘nalishlari, xususan, raqamlashtirish va robotlashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarovning fikriga ko‘ra, boshlangan ishlardan maqsad kelajak kasblari va kelajak talablari asosida bugungi kunda qanday tarzda oliy ta’limni o‘zgartirish masalasi qo‘yilmoqda. Shu talablardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 iyundagi "2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida" gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida akademiyaga mehnat bozoridagi o‘zgarishlarni, robotlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishini hisobga olgan holda iqtisodiyot va moliya sohasidagi Kelajak kasblar atlasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, akademiya yo‘qolib borayotgan, o‘zgaruvchan kasblarni aniqlash, shuningdek, kelajak vakolatlarini loyihalashtirish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Akademiya tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda dunyoning 2025-2030 yillarga qadar qanday o‘zgarishini birgalikda bashorat qiladigan va kelajakda mutaxassislar malakasiga mehnat bozori qanday talablar qo‘yishini tasavvur qiladigan o‘nlab mahalliy va xorijiy nufuzli ekspert-amaliyotchilarning fikrlari umumlashtirildi.

–Bank-moliya akademiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Kelajak kasblari atlasi ta’lim va biznes birgalikda yangi mutaxassislarni yetishtirish uchun qanday ta’lim dasturlarini yaratish kerakligi yo‘lidagi muhim qo‘llanmadir, – dedi Bank-moliya akademiyasining kompetensiyalar rivojlantirish departamenti direktori Bahrom Niyozmatov. – 100 nafarga yaqin mahalliy va xorijlik ekspertlar mazkur atlas ustida ishlamoqda. Atlas o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilinadi.Uni ishlab chiqishda Amerika, Rossiya, Serbiya kabi davlatlar tajribasi o‘rganildi. bugungi kunda Rossiya va Qozog‘istonda ham Kelajak kasblari atlasi ishlab chiqilgan. Deylik, Qozog‘istonda ishlab chiqilgan atlas barcha sohalarni qamrab olgan. Akademiya tomonidan tayyorlanayotgan Kelajak kasblari atlasi faqat bank-moliya sohasiga oiddir.
Ahamiyatli jihati shuki, bank-moliya sohasi uchun mo‘ljallanayotgan Kelajak kasblari atlas yoshlarga va qayta tayyorlashga o‘qish talab qilinadiganlarga mutaxassislikni to‘g‘ri tanlashda yordam beradi. Ular atlasni o‘rganib, zamonaviy hayotning dinamikasini his qiladigan ilg‘or ota-onalar va yoshlar yaqin kelajakda o‘zlari uchun muhim vazifalarni bilib olishida qo‘l keladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA.