Kelajak chempionlari: karate WKFda porlayotgan Alirizo
– Eslasam, tuproq changitib yugurishni yengil atletika, belimizga eski matodan belbog‘ bog‘lab sakrab tepishni karate deb yuravergan ekanmiz, – dedi do‘stimiz Dilmurod Rahimov. – Bugun mamlakatimizda yangidan-yangi sport majmualari, zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan to‘garaklar qurilgan. Maktab zallarini aytmaysizmi, qaysi sport turi bilan shug‘ullanaman desang, barcha sharoit muhayyo. O‘g‘lim Alirizoni to‘rt yoshidan beri karate bilan shug‘ullantiraman. U hozirda 11 yoshda. Bo‘ylari tengdoshlariga nisbatan ancha baland va baquvvat.
Do‘stim farzandining sport bilan shug‘ullanishi uning har tomonlama sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishida muhim vosita ekanini anglab yetgani va buning uchun o‘zi tashabbus ko‘rsatayotgani, yurtimizda o‘g‘il-qizlarning qiziqishi va qobiliyatiga qarab, istagan sport turini tanlash imkoniga ega ekani quvonarli.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash barobarida sportchilarimizning xalqaro maydondagi yuksak g‘alabalarida ham muhim omil bo‘lmoqda.

Ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy sport majmualarini qurish, ularni zarur uskuna va inventarlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishdek ezgu orzularni ro‘yobga chiqarish maqsadi mujassam.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda karate WKF yo‘nalishi jadal rivojlanib, yosh sportchilar xalqaro maydonlarda munosib natijalar qayd etmoqda. Bu jarayonda iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni tizimli tayyorlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday umidli sportchilarimizdan biri — Alirizo Shuhratov.

Alirizo 2019-yili sportning karate WKF yo‘nalishi bo‘yicha ilk saboqlarni tajribali murabbiy Biloliddin Zayniddinovdan o‘rgana boshladi va ayni damda ustozining farzandi Vorisxon Zayniddinov bilan shug‘ullanmoqda.
11 yoshli sportchimiz o‘zining ilk medalini 2022-yilda o‘tgan O‘zbekiston chempionatining 7 yoshgacha bo‘lgan bahslarida qo‘lga kiritgan edi. U o‘shanda barcha raqiblarini taslim etib, o‘z tengdoshlari orasida tengsiz ekanini namoyon etdi. Shu yilning o‘zida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada sovrindorlar safidan joy olishi uning xalqaro maydondagi ilk qadamlaridan bo‘ldi.

Yosh karatechimiz 2023-yil Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi xalqaro turnirda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Kanadaning Monreal shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Canada International Open” musobaqasida mamlakatimiz sharafini o‘z yosh toifasida munosib himoya qildi va chempionga aylandi. E’tiborlisi, u mazkur musobaqada O‘zbekistondan yagona ishtirokchi sifatida qatnashib, yuqori natijaga erishdi.
Oradan bir yil o‘tib, Alirizo Monreal shahrida tashkil etilgan yana bir nufuzli sport tadbirida 8-9 yoshlilar orasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
2025-2026-yillar davomida yosh karatechimiz xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, qator yutuqlarga ega chiqdi.

Jumladan, 2025-yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati va CAF musobaqasida 10-11 yosh toifasida ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston chempionatida ham kumush medal bilan taqdirlandi. 17-19-dekabr kunlari Istanbul shahrida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada qatnashib, faxrli uchinchi o‘rindan joy oldi.
Joriy yilgi mavsumda Toshkent shahrida sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan saralash musobaqasida g‘olib bo‘lgan Alirizo O‘zbekiston kubogida kumush medal bilan taqdirlandi. Yanvar oyida Chimkent shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Shymkent Open” xalqaro musobaqasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 24-26-aprel kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “World Championships” jahon chempionatida dunyoning kuchli sportchilari qatorida ishtirok etib, yakka kumite bahslarida 10-11 yosh, -35 kg. vazn toifasida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Jamoaviy kumite bahslarida esa “Shobo Ippon” yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib, -40 kg. vazn toifasida musobaqani bronza medal bilan yakunladi.
– Nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini ko‘rsata olganimdan xursandman, – deydi Alirizo Shuhratov. – Musobaqa davomida ustozim Vorisxon Zayniddinov tomonidan berilgan to‘g‘ri ko‘rsatmalarni bajardim. Bu kabi nufuzli chempionatlar biz sportchilarga o‘z tajribamizni oshirish va turli davlat sportchilari bilan tanishish imkoniyatini beradi. Niyatim, yirik musobaqalar, qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish.
Sport yosh avlodning salomatligini mustahkamlashi bilan bir qatorda, o‘g‘il-qizlarning harakatchanligini, faolligini oshirishi, qat’iy kun tartibiga rioya qilishga o‘rgatishi, jismonan sog‘lom, ruhan tetik bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega.

Bolalarni sport turlariga jalb etishda avvalo ularning yoshi, qiziqishi, salomatlik darajasi va qobiliyatiga jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Sport tibbiyoti mutaxassislarining ta’kidlashicha, futbol, voleybol, basketbol, gandbol singari jamoaviy o‘yin turlari bola tanasining barcha a’zolarini harakatga keltirib, uning har tomonlama proporsional rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bolada aniqlik, chaqqonlik va tezkorlikni oshiradi, maqsad sari intilish, yetakchilik qobiliyatini shakllantiradi.
Sportning yakkakurash turlari esa qo‘l, oyoq, tana mushaklarining baquvvat bo‘lishiga xizmat qiladi, sabr-toqat va chidamga o‘rgatadi, irodani mustahkamlaydi. Shaxmat aqlni charxlashi hammaga ma’lum. Badminton va stol tennisi ko‘zni ravshanlashtirib, tana a’zolarining uyg‘un harakatlanishi natijasida organizm har tomonlama sog‘lom bo‘ladi. Suzish nafas olish tizimi, suyak to‘qimalarining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, erta yoshdan boshlab sport bilan muntazam shug‘ullanadigan bolalar jismonan sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetadi. Shu asosda har bir ota-onaning ezgu orzusi bo‘lmish sog‘lom farzand o‘stirish, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Aynan yoshlik chog‘idan sport bilan do‘st bo‘lish bolaning o‘z ustida ishlashi, xarakterining toblanishi, musobaqalarda qatnashish orqali qat’iyatlik va mardlik xususiyatlarining shakllanishi, g‘alabaga intilishi, bir so‘z bilan aytganda, mustahkam irodaga ega bo‘lishi uchun puxta zamin yaratadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA