Kelajak bog‘ini yaratgan olima
Yoshlarimizning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi, bu borada ayniqsa, ularning puxta bilim egallashida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyos, albatta.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining qishloq xo‘jalik mashinalari kafedrasi professori Muhayyo Shaumarova ham ko‘p yillardirki, mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
M.Shaumarova 1939 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956 yil o‘rta maktabni, 5 yil o‘tib o‘zi faoliyat yuritayotgan institutni muvaffaqiyatli tugatib, ushbu institutda o‘qituvchilik qila boshladi. U institutdagi eng faol murabbiylar qatoridan o‘rin oldi. Jamoat ishlarida faol qatnashib, nuroniylar va ayollar kengashida faol ishladi. Unga institutda xizmat ko‘rsatgan dotsent faxriy unvoni berildi.
M.Shaumarova ilmiy, metodik ishlar bilan faol shug‘ullanib kelmoqda. Shu kunga qadar uning 250 dan ortiq ilmiy maqolalari, metodik ishlari chop etilgan, ixtiro guvohnomalarini olgan.
Qahramonimiz o‘zbek tilining rivojlanishiga ham munosib hissa qo‘shgan. Jumladan, O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgandan so‘ng, ilgari faqat rus tilida o‘qitilgan “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” fanini davlat tilida o‘qitish muammo bo‘lib qolgan. Sababi o‘zbek tilida yozilgan darsliklar yo‘q edi. Bu muammoni yechish uchun M.Shaumarova o‘zbek tilida bir nechta darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratdi. Mazkur darsliklarning ikkinchi va uchinchi nashrlari ham yaratilib, respublikamizdagi qishloq xo‘jaligi institutlari va texnika universitetlarida asosiy manba sifatida ilmiy xodimlar hamda doktarantlarni o‘qitish uchun foydalanilmoqda. Darslikning ikkinchi nashri 2011 yil “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida g‘olib, deb topilgan.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidan M.Shaumarova haqida so‘rasangiz unga bilimdon tadqiqotchi, o‘ziga hamda hamkasblariga nisbatan o‘ta talabchan mexanizator olima, kamtarin, mehnatsevar inson va yoshlarning g‘amxo‘r murabbiysi, degan talqinni eshitasiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 sentyabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, M.Shaumarova «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.
– Bu mukofot mening timsolimda ta’lim-tarbiya ishlarini olib borayotgan, davlatimizning agrar va ta’lim siyosatidagi barcha qaror va farmonlar ijrosini bajarayotgan barcha hamkasblarim uchun berilgan, deb o‘ylayman, – dedi Muhayyo Shaumarova. – Kasbim “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” ixtisosligi bo‘yicha injener-mexanik. Hozirgi darajaga erishishimda, avvalo, ota-onam, maktabda ilm bergan, institutda to‘g‘ri yo‘nalish bergan o‘qituvchilarim, ilm-fan yo‘liga yetaklagan ustozlarim, akademik Muhammad O‘razboyev, Vasil Qobulov, Aleksey Moshkov, Aleksey Gluenko, Salim Po‘latovning xissasi katta. Ustozlar yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, bilmaganiga o‘rgatib, bilim berib ko‘klarga parvoz qildiradi.
Muhayyo opa 4 o‘g‘ilning onasi. Turmush o‘rtog‘i bilan baxtli hayot kechirib, farzandlarini Vatan koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazdi. Hozirda ular ham ota-onalari qatorida mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida turli sohalarda fidokorona mehnat qilib kelmoqda.
Olima kelajak avlodga bilim berish, munosib oila bekasi bo‘lish bilan birga, katta bog‘ yaratib bog‘ burchagida parrandachilik va baliqchilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Bu bog‘da barq urgan 50 tup olmadan tortib, gilos, shaftoli, xurmo, uzum va smarodina kabi mevalarni parvarishlamoqda.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA