Kechirimlilik xalqimizga xos
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz joriy yil 6 dekabrda “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Unga asosan 182 nafar mahkum afv etilib uylariga qaytarildi. Ular orasida jazo muddatini o‘tayotgan 5 nafar jizzaxlik mahkum (ulardan 2 nafari ayollar) ham afv etildi.
Afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytib, ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishida ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ullarga, jumladan mahalliy hokimliklarga ham tegishli vazifalar yuklatildi.
Bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan, endilikda shu qilmishlaridan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan kishilarga nisbatan kechirimli, mehr-shafqatli bo‘lish xalqimizga xos fazilat.
1980 yilda Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida tug‘ilgan A.D. (ayol) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-(Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-(Odam savdosi) moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni qasddan sodir etib, 29-sonli manzil koloniyada ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan edi. U shartli ravishda ozod etildi.
– Tekin daromad topish maqsadida shaytonning yo‘liga kirib, jinoyatga qo‘l urdim, – deydi u. – Xatoimni ozodlikdan mahrum etilganimdan so‘ng tushundim. Ammo kech edi.
Xuddi shunday yana 3 nafar jizzaxlik yurtdoshimiz shartli ravishda ozod etildi.
1981 yilda Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanida tug‘ilgan A.O. (erkak) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasining (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) tegishli qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etib, 6-sonli jazoni ijro etish muassasasida ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan edi. Uning jazosi esa farmon doirasida 1/3 muddatga qisqartirildi.
Har kim xato qilishi mumkin. Ammo u o‘z xatosini anglab, tuzalish yo‘liga kirdimi, uni kechirishimiz va unga yana bir imkon berishimiz kerak.
A.Qayumov, O‘zA