Katta tarixiy voqelikka guvoh bo‘ldik
Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari barchamiz katta tarixiy voqelikka guvoh bo‘ldik. Ya’ni, Shanxay hamkorlik tashkilotining 22-sammiti Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
14 ta davlat rahbarlari qatnashgan nufuzli sammitda jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkich ekanligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Mazkur sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisida nutq so‘zlab, unda bir qator takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, nutqda xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor e’tibor qaratildi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, «Shanxay ruhi» tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Biz faqat shu yo‘l bilangina SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashimiz mumkin.
Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tayyorlash bo‘yicha taklif ilgari surildi. Ushbu dasturilamal hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi shubhasizdir.
Prezidentimiz sammitdagi nutqida butun dunyoga tahdid solayotgan global muammolarga e’tiborni qaratdi. Jumladan, jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi SHHTda bu borada faol hamkorlik qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Ha, oziq-ovqat xavfsizligi bugungi kunda global muammoga aylanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bir nechta davlatlarda ocharchilik kuzatilayotganiga ham guvoh bo‘lmoqdamiz. SHHT doirasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ham mintaqa fuqarolarini salomatligini mustahkamlash, muntazam ravishda koloriyali oziq-ovqat iste’mol qilishiga puxta zamin yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand sammiti mamlakatimiz tarixida unutilmas voqelik bo‘lish bilan birga, yurtimiz rivoji hamda taraqqiyotida ham katta o‘rin egallashi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Bahrom Rahmonaliyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati