Kasb malakasini oshirish yo‘lidagi imkoniyat
Temir yo‘llar sohasi bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib, ilg‘or texnologiyalar asosida takomillashib borayotganini inobatga olsak, mazkur yo‘nalish uchun zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar nechog‘li zarur ekanini anglash mumkin.
Temir yo‘llar sohasi bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib, ilg‘or texnologiyalar asosida takomillashib borayotganini inobatga olsak, mazkur yo‘nalish uchun zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar nechog‘li zarur ekanini anglash mumkin.Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-mayda qabul qilingan "2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida maxsus sirtqi bo‘lim ochilib, unda to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavr tayyorlash ko‘zda tutilgan.
– Mamlakatimizda yoshlarning qiziqishi va intilishi bo‘yicha ta’lim olishi, kasb-hunar egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Feruza Karimova. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimizning orzu-intilishlarini o‘rganish, odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar yechimini hal etish jarayonida aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning ma’naviyatini yanada yuksaltirish, oliy ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqish borasidagi amaliy chora-tadbirlar muhim o‘rin egallaydi. Mehnat bozorini puxta tahlil etgan holda turli jabhalar uchun ehtiyoj katta bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash, bandlikni ta’minlashda mutasaddi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish, munosib o‘qish, ish sharoitlarini yaratish bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning tarkibiy qismi sanaladi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-maydagi qaroriga muvofiq institutimizda bu yil muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limga sakson nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. O‘qishning bu turi ko‘p yillar temir yo‘l sohasida ishlayotganlarga muhandislik bo‘yicha kasb malakasini oshirish, kadrlarga bo‘lgan talab, ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini to‘laroq qondirish maqsadida joriy etildi. O‘qishga taalluqli barcha zarur hujjatlar bilan birga "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining tavsiyanomasi ham talab etiladi. Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish istagidagi abituriyent temir yo‘l sohasida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lishi kerak.
Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qishni istaganlar joriy yilning 15-iyunidan 15-iyuligacha oliy ta’lim maskanida ish olib boruvchi qabul komissiyasiga o‘z hujjatlarini topshirishi mumkin.
Maxsus sirtqi bo‘limga elektroenergetika, yer usti transport tizimlari, elektrotexnika, elektromexanika va elektrotexnologiyalar, texnik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqaruv, informatika va axborot texnologiyalari, bino va inshootlar qurilishi, muhandislik kommunikatsiyalarining qurilishi va montaji, temir yo‘l inshootlari ekspluatatsiyasi kabi sakkiz yo‘nalishning har biriga o‘ntadan o‘rin ajratilgan. Bu temiryo‘lchilikdek mashaqqatli mehnatni puxta o‘zlashtirayotgan mutaxassislarning o‘z kasb mahorati, professional bilim va tajribasini oshirishni davom ettirishi uchun qulay imkoniyatdir.
Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish ish faoliyatidan ajralmagan holda olib borilib, bir yilda fanlarni o‘zlashtirish va topshirish uchun 40 kungacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili beriladi.
To‘rt ming nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan institutimizda bakalavriatda 20 ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 12 mutaxassislik bo‘yicha yoshlar tahsil olmoqda. Bitiruvchilarimizning bandligi to‘liq ta’minlanishiga erishilgan. Hamma talabalar kabi maxsus sirtqi bo‘limda o‘qiydiganlar ham katta hajmdagi kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, uning tarkibidagi elektron va badiiy adabiyotlar bo‘limlari, komputer zallari, mutolaa xonalarida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishi mumkin.
Bularning barchasi mamlakatimizda yuqori bilim va kasb malakasiga ega kadrlarni tayyorlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan rag‘bat va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasidir.