Kartoshkachilikning rivoji bozor narxlarida aks etmoqda
Respublika aholisining kartoshkaga bo‘lgan talabini qoplash va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida joriy mavsumda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, 238 ming gektar asosiy maydonlarga kartoshka ekildi.
Kuni kecha bozorlarni aylanib yurib kartoshkaning narxini so‘radim. O‘rtacha kartoshkaning narxini “4.5 ming so‘m, yana tushirib beraman”, dedi sotuvchi. Erta bahorgi narxlardan deyarli ikki barobar tushgan. Albatta, buning ortida sohadagi tizimli islohotlar, mashaqqatli mehnat va ilmiy izlanishlar yotibdi.
O‘tgan yillardan xulosa qilgan holda, joriy yilda birinchi navbatda hududlarning tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga asosiy e’tibor qaratildi.
Asosiy maydonlarga fermer xo‘jaliklarida kartoshkani joylashtirish “Agroplatforma” dasturi orqali amalga oshirilib, 27.7 mingta xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha ma’lumotlar dasturga kiritildi va moliyalashtirish uchun tijorat banklariga yuborildi. Urug‘lik kartoshka xaridi uchun 90.1 mlrd so‘m ajratildi.
Respublika aholisining kartoshkaga bo‘lgan talabini qoplash va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida joriy mavsumda tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, 238 ming gektar asosiy maydonlarga kartoshka ekildi.
Asosiy maydonlarga 2025-yil hosilidan (4 ming tonna xorijdan keltirilib ekilgan elita urug‘) jamg‘arilgan 34 ming tonna (R1) va “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi (2 ming tonna) va mahalliy importyorlar (4 ming tonna) tomonidan xorijdan keltirilgan 6 ming tonna (elita), jami 40 ming tonna sifatli urug‘liklar ustamalarsiz kartoshka yetishtiruvchilarga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar tomonidan tanlab olingan 35 ta importyor korxonalar tomonidan 51 ming tonna yetishmaydigan urug‘lik kartoshka yetkazib berish tashkil etildi.
Hududlarda kartoshka ekish ishlarining holatini o‘rganish hamda jadallashtirish maqsadida ishchi guruhi tashkil etilib, hududlarga chiqqan holda o‘rganishlar olib borildi. Ular tomonidan barcha tumanlarda kartoshka ekishni tashkil etish yuzasidan o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi, ekish va agrotexnik tadbirlar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan sohaga aloqador barcha mas’ul xodimlarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berib borildi.

Asosiy maydonlardan may — sentabr oylarida 3.3 mln tonna kartoshka yetishtirish prognoz qilingan bo‘lib, bugungi kungacha hududlarda 2 mln tonna kartoshka yetishtirildi va iyul-sentabr oylarida yana qo‘shimcha 1.3 mln tonna hosil yig‘ib olish rejalashtirilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi iste’moli uchun may – oktabr oylarida 2.5 mln tonna va kelgusi yil hosili uchun urug‘likka 400 ming tonna jami 3 mln tonna kartoshka iste’mol qilinadi va 325 ming tonna ortiqcha kartoshka yetishtirilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda dehqon bozorlarida kartoshkaning o‘rtacha narxi, ulgurji – 3000 – 3 500 so‘mni, chakana – 4 500 - 5000 so‘mni va savdo markazlarida – 5 500 - 6000 so‘mni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, hududlarda kartoshka yetishtiruvchi sub’ektlar tomonidan dalada o‘rtacha 3 000 -3200 so‘mdan, ixtisoslashgan tumanlarda esa 2 200-2 800 so‘mdan sotilmoqda. Ixtisoslashgan tumanlarda 2025-yilga nisbatan 400 so‘mdan 1200 so‘mgacha arzonlagan.
Joriy yil yanvar-iyun oylarida ichki bozorni to‘ldirish maqsadida xorijdan (Qozog‘iston, Pokiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Rossiya, Eron, Belorussiya) 22.6 mln dollarlik 403.4 ming tonna (2025-yilga nisbatan -55 ming tonna kam), shundan iyun oyida 11 ming tonna kartoshka olib kelingan.
Mahalliy sharoitda ertaki va o‘rtaki muddatda yetishtirilgan kartoshkani 6 oy saqlash imkoniyati mavjud. Sentyabr-noyabr oylarida narxlar oshib ketmasligini oldini olish maqsadida mahalliy hokimliklar tomonidan 498.5 ming tonna kartoshkani zaxiraga jamg‘arish taklifi bildirilib, 1 128 ta (sig‘imi 706 ming tonna) saqlash omborxonalari ro‘yxati shakllantirildi.
Shuningdek, kartoshkani jamg‘arish bo‘yicha kunlik monitoring yuritish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kungacha 191.4 ming tonna (38%) kartoshka saqlash omborxonalariga qo‘yildi va qolgan kartoshka hosilini omborxonalarga kiritish ishlari davom etmoqda.
Eksportga yo‘naltirish bo‘yicha jami 15.3 ming tonna (7,1 mln doll. o‘rtacha 1 kg/0,46 doll.) kartoshka eksport qilinishi rejalashtirildi. Bugungi kunda 566 tonna (128 ming doll.) kartoshka eksport qilindi.
Hududlarda g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shagan maydonlarda fermer xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalariga 98 ming gektar kartoshka ekilishi prognoz qilindi.
Xususan, fermer xo‘jaliklari tomonidan 68 ming gektar takroriy maydonga kartoshka ekilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlandi.
Buning uchun 204 ming tonna urug‘lik talab etilib, hududlarda bugungi kunda 174 ming tonna zaxira yaratilgan. Yetishmaydigan 30 ming tonna urug‘likni chetdan va boshqa hududlardan yetkazib berish ishlari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, kartoshka ekiniga zararkunanda va kasalliklar ta’siriga qarshi kurash tadbirlarini samarali o‘tkazish hamda hosildorlikni oshirishga qaratilgan intensiv texnologiyalarni keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratiladi.
Bugungi kunda jami 13.2 ming ga (19%) kartoshka ekildi. Qolgan maydonlarda ekish ishlari davom etmoqda. Takroriy maydonlardan jami 1.2 mln tonna kartoshka yetishtirilib, ichki iste’molga va qish-bahor mavsumi uchun zaxiraga jamg‘ariladi.
Yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi qarorida belgilangan topshiriqqa muvofiq, ilmiy muassasalar tomonidan 4 mln dona mini tuganaklar yetishtirish va ixtisoslashgan tumanlardagi yuqori avlodli urug‘lik yetishtiruvchilarga beg‘araz yetkazib berish tashkil etilmoqda.
Davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirilgan tenderda 2.5 mln dona mini tuganak yetkazib berish bo‘yicha g‘olib aniqlandi va bugungi kunda shartnomalar tuzish ishlari tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI 1.5 mln dona, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti 1 mln dona.
“E-urug‘” dasturida ko‘p yillik tajribaga ega va moliyaviy barqaror kartoshka yetishtiruvchi sub’ektlarni tanlab olish maqsadida elektron tarzda tender o‘tkazildi.
Tenderda 36 ta kartoshka yetishtiruvchi sub’ektlar “E-urug`” dasturida ariza topshirdi, shundan 19 nafar ko‘p yillik tajribaga ega kartoshka yetishtiruvchi sub’ektlar tanlab olindi. Ularga iyul oyida mini tuganaklar beg‘araz yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, “Bulung‘ur agrostar” MCHJ tomonidan Misr kompaniyasidan 250 ming dona mini tuganak keltirilib, 3 gektar maydonga ekildi.
Xullas, kartoshkachilikni rivojlantirishga berilayotgan davlat darajasidagi e’tibor o‘z natijasini berib, mamlakatimizda kartoshka narxlarining barqaror saqlab qolinishiga erishilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA