Kartoshka uchun imtiyoz
Ulgurji-chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonamiz Qozog‘istondan kartoshka olib keladi.
Ulgurji-chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonamiz Qozog‘istondan kartoshka olib keladi. VMning 31.12.2018 yildagi 1065-son qaroriga muvofiq, o‘zi yetishtirgan kartoshkani realizatsiya qilish oboroti QQSdan ozod etiladi.
Import qilingan kartoshkani realizatsiya qilishga QQS solinadimi?
– Ha, import qilingan kartoshkani realizatsiya qilishga QQS solinadi. Toshkent shahar DSBdan ushbu savolga shunday javob oldik:
«Soliq kodeksining 208-moddasi 28-bandiga muvofiq, qo‘shilgan qiymat solig‘idan, agar Kodeksning 212-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsuloti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish oborotlari ozod etiladi».
VMning «Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori (31.12.2018 yildagi 1065-son) 1 va 2-bandlarida Soliq kodeksining 208-moddasiga muvofiq o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsuloti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish oborotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishini ma’lumot uchun qabul qilish nazarda tutilgan.
Ro‘yxatning 3-bandida «kartoshka» ko‘rsatilgan.
QQSdan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari chakana va ulgurji realizatsiya qilinganda beriladi (Ro‘yxatga izoh).
Prezidentning «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni (16.01.2018 yildagi PF-5303-son) 9-bandi bilan 2020 yil 1 yanvarga qadar muddatga bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinadigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) oziq-ovqat mahsulotlari va xom ashyolarning ayrim turlari ro‘yxati tasdiqlangan.
Binobarin:
● Ro‘yxatga (PF-5303-son Farmon bilan tasdiqlangan) kiritilgan tovarlarni olib kirish chog‘ida korxonangiz 2020 yil 1 yanvargacha kartoshka import qilganda bojxona to‘lovlarini, shu jumladan QQSni to‘lashdan ozod qilinadi, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno;
● QQSni to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz O‘zbekiston Respublikasida yetishtiriladigan kartoshkani ulgurji va chakana realizatsiya qilish chog‘ida qo‘llanilib, import qilingan kartoshkani realizatsiya qilishga tatbiq etilmaydi.
Javoblarni «Norma» MChJ ekspertlari tayyorladilar
Manba: “Soliq va bojxona xabarlari” gazetasi