Karmanada yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Yoshlar kuni doirasida Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi tahlil qilinib, faoliyatda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar yetakchilari munosib e’tirof etildi. Ayniqsa, xorijda tahsil olib, bugungi kunda o‘z bilim va tajribasini mahallalardagi yoshlar manfaati yo‘lida safarbar etayotgan tashabbuskor yoshlarning faoliyati alohida qayd etildi.
Muloqot davomida startap loyihalari, sun’iy intellekt sohasidagi innovatsion g‘oyalar hamda tadbirkorlik tashabbuslari muhokama qilindi. Yoshlar yetakchilari sport maydonchalarini yaxshilash, yoritish tizimlarini takomillashtirish, “Tuman hokimi kubogi” futbol musobaqasini tashkil etish hamda Samarqand shahriga ma’rifiy sayohat uyushtirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.

Yoshlar tomonidan bildirilgan har bir taklif atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni hayotga tatbiq etish, moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
– Mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi Shibzon mahallasidagi yoshlar yetakchisi Farhod Rayimov. – Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda ham yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu kabi muloqotlar esa yoshlarning innovatsion salohiyatini yuzaga chiqarish va ularni zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos ravishda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tadbirda tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlari ishtirok etib, suhbat jarayonida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida faoliyati bilan namuna ko‘rsatayotgan 7 nafar mahalla yoshlar yetakchisi taqdirlandi, barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Albatta, bu kabi e’tiroflar yoshlarni yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi ham har bir yoshning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakka ishonchini mustahkamlashdan iborat.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri