Karatechilarimiz g‘oliblikning yangi sahifasini ochdi
Birlashgan Arab Amirliklarida karate bo‘yicha yakunlangan jahon chempionati O‘zbekiston sportchilari uchun har tomonlama omadli kechdi.
Dunyoning 105 davlatidan ming nafarga yaqin karatechilar ishtirok etgan mazkur jahon chempionatida 8 nafar Tokio olimpiadasi g‘olibi, o‘nlab qit’a va dunyo chempionlari Dubay tatamilarida jam bo‘lganligi nufuzli musobaqaning nechog‘lik shiddatli o‘tganligidan dalolat bermoqda.
25-jahon chempionatida karate WKF bo‘yicha milliy terma jamoamiz a’zosi, respublika oliy sport mahorati maktabi sportchisi Dostonbek Otabolayev 75 kilogramm vazn toifasidagi barcha uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Jumladan, bir qator jahon chempionlari va olimpiya o‘yinlari sovrindorlarini mag‘lub etib, yarim finalda AQSH vakili Tomas Skottni 3-o‘rin bilan kifoyalantirdi. Chempionat dasturiga binoan 20 noyabr kuni Dostonbek Otabolayev misrlik Abdulalziz Abdulla Mamdu bilan oltin medal uchun jang olib bordi. Aytish lozimki, iste’dodli karatechimiz final jangida misrlik raqibiga ilk harakatlardayoq imkoniyat qoldirmadi. Bahsning boshlanish holatida qo‘lga kiritilgan “ippon” hamyurtimizning butun uchrashuv davomidagi ustunligini ta’minladi hamda jahon chempionatining g‘olibi sifatida O‘zbekiston karate tarixida yangi sahifa ochishga olib keldi.

Mazkur jahon chempionati yakuniga ko‘ra, umumiy medallar soni bo‘yicha 4 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza evaziga Yaponiya karatechilari 1-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 3 tadan oltin va bronza, 2 ta kumush bilan misrlik karatechilar 2-o‘rinni, 2 ta oltin va 3 ta kumushli bo‘lgan Ispaniya vakillari 3-o‘rinni, Italiya, Fransiya, Serbiya vakillari keyingi pog‘onalarni band qildi.
Dostonbekning yagona oltin medali hisobiga O‘zbekiston umumjamoa hisobida Gruziya karatechilari bilan bir qatorda 9-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, ushbu jahon chempionatida Dostonbek Otabolayevning oltin medalga musharraf bo‘lishi, shuningdek, bir qator yosh karatechilarimizning yarim finalgacha yetib borishi yurtimiz sportchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 1-o‘rinni, qit’a davlatlari o‘rtasida Yaponiyadan keyin 2-o‘rinni, MDH mamlakatlari ichida Ozarbayjondan keyin gruzinlar bilan 2-o‘rinda qayd etilishimizga zamin yaratdi.
Jahon karate tarixida yangi sahifa ochgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi 23 noyabr kuni Toshkentga qaytib keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA