Kanalizatsiyaga tashla, oqib ketadi
Oqova suvlarga shu zaylda munosabatda bo‘lish qator muammolarni keltirib chiqarmoqda
"Toshkent shahar suv ta’minoti" matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shahardan chiqayotgan maishiy oqova suvlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan Bo‘zsuv, Salar hamda Bektemir oqova suvlarini tozalash inshootlari ishlab turibdi. Ularning eng yirigi Salar inshooti bo‘lib, unda bir kunda 900 ming kubgacha oqova suvlari tozalanib, tabiatga qaytariladi. Bo‘zsuv inshooti esa 700 ming kub suvni tozalashga mo‘ljallangan. Bektemir inshooti esa kichikroq bo‘lib, 25 ming kub oqovani qabul qiladi.
Albatta, mazkur inshootlar aholidan keladigan maishiy oqova suvlarini qayta ishlash maqsadida bunyod etilgan. Biroq so‘nggi vaqtlarda yurtimizda tadbirkorlik muhiti tobora kengayib borayotgani, ishlab chiqarish jarayonlarining jadallashayotgani mazkur inshootlarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Bektemir inshootidagi sanitarik vaziyat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bektemir inshooti faqat mazkur tumanning oqova suvini qabul qiladi. Biroq so‘nggi yillarda inshoot atrofida o‘nlab ishlab chiqarish ob’ektlarining paydo bo‘lgani va ulardan tashlanayotgan qattiq chiqindilar ushbu tozalash korxonasi ishini qiyinlashtirmoqda. Tashlangan yirik chiqindilar nasoslar hamda boshqa texnologiyalar ishini izdan chiqarmoqda.
Bu esa sanitarik holatni yomonlashtirish, turli qo‘lansa hidlarning atrofga tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Chiqindi miqdorining haddan ziyodligi inshootdagi vaziyatni yaxshilashga to‘siq bo‘lmoqda. Qayd etish kerakki, bu yerda tozalangan suv Chirchiq daryosiga tashlanadi. Daryoda oqimning pasayib ketgani sababli qayta ishlangan oqova suvlar atrofda to‘planib, sanitariya talablariga zid holatni yuzaga keltirmoqda.
Kuzatiladigan bo‘lsa, Bo‘zsuv inshootida ham shu kabi muammo mavjud. Bo‘zsuv kanaliga chiqarilayotgan tozalangan oqova suvning umumiy rangi to‘q qizil tusda bo‘lib, ko‘rgan kishida go‘yoki korxona oqovalarni tozalamay chiqarayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Buning sababi, shahardagi tekstil korxonalari bo‘yoqli chiqindi suvlarini oqova tarmoqlariga oqizayotganidir. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, inshootlar imkoniyati faqatgina maishiy chiqindi suvlarini tozalaydi. Undagi bo‘yoq rangini ajratib olish ham bu yerdagi texnologiyalarda ko‘zda tutilmagan.
Aslida, belgilangan me’yorga ko‘ra korxonalar ishlab chiqarishdan ajragan chiqindi suvlarini qoldiqlardan tozalangan holda oqova tarmoqlariga tashlashi lozim. Afsuski, bugun faoliyat yuritayotgan aksariyat ishlab chiqarish ob’ektlarida birlamchi tozalash inshootlari qurilmagan. Bu holat ushbu birlamchi tozalash inshootlarining tannarxi qimmatligi bilan izohlanmoqda. Biroq talabga ko‘ra korxona faoliyat boshlayotganda ushbu birlamchi tozalash inshooti ham ishga tushirilishi lozim. Afsuski, mutasaddilar bu masalaga panja ortidan boqib, faqat ishlab chiqarishga asosiy e’tiborni qaratmoqda. Bunday munosabat esa atrof-muhit sanitariyasi hamda tozalash inshootlarining faoliyatini izdan chiqishiga olib kelmoqda.
Har uchchala inshootga taalluqli muammo bu aholining yirik hajmdagi chiqindilarni oqova suvlari tarmoqlariga tashlanayotganidir. Turli matolar, bolalar tagliklari, hattoki xonadon va kushxonalarda so‘yilayotgan jonivorlarning qoldiqlari ham oqovalarga oqizilmoqda. Bu esa tarmoqda tiqinlarni yuzaga keltirib, avariyalarga sabab bo‘lmoqda.
Agar vaziyat shu zaylda davom etsa, poytaxtdagi ekologik vaziyat izdan chiqishi muqarrar. Faqat ishlab chiqarishga e’tibor qaratib, oqibatlarining oldi olinmas ekan, vaziyat biz o‘ylagandan ko‘ra og‘irlashishi mumkin.
To‘g‘ri, bugungi kunda inshootlarni kapital ta’mirlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning uchun xorij sarmoyalari ham jalb etilmoqda. Ammo ishlab chiqarish va chiqindi ajratmalari ham kun sayin ortmoqda. Shu sababli korxonalar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yganda qanchalik qimmat bo‘lmasin birlamchi tozalash inshootlarini ham ishlatmas ekan vaziyat yanada yomonlashib qolishi mumkin.
Shunday ekan, beparvolik va e’tiborsizlik bilan chiqindilarni oqova quvurlariga tashlashga chek qo‘yish kerak.
Umid Melikov,
Toshkent shahar oqova suv tarmoqlari boshqarmasi bosh muhandisi.
O‘zA