Kanada Netanyaxu samolyoti o‘z havo hududidan o‘tishini tekshirmoqda
Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand ma’lum qilishicha, mamlakat rasmiylari Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan hibsga olishga order berilgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka parvozi davomida Kanada havo hududidan foydalanish-foydalanmasligi masalasini o‘rganmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasida ishtirok etayotgan Anita Anand jurnalistlarga bergan intervyusida ushbu reys bo‘yicha tegishli vazirlikka surishtiruv o‘tkazish topshirig‘i berilgani, Kanada hamisha xalqaro sudlar qarorini hurmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, u G‘azo va Iordan daryosi G‘arbiy sohilida Isroil hujumidan aziyat chekayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash, ayni jarayonda insoniyatga qarshi jinoyat masalasini ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi. Binobarin, “Kanada Netanyaxuni harbiy jinoyatchi deb hisoblaydimi?” degan savolga aniq javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, XJS 2024-yil 21-noyabrda Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order chiqargan. Shu bois Kanada Bosh vaziri Mark Karni 2025-yil oktabr oyida Netanyaxu mamlakat hududiga kirgan taqdirda hibsga olinishini ma’lum qilgan.
Bugun BMT Bosh Assambleyasida chiqish qilish uchun Nyu-Yorkka uchib kelishi kutilayotgan Netanyaxu masalasida shahar meri Zuhron Mamdaniy ham munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, shahar hokimiyati XJS orderini mustaqil ravishda ijro etish vakolatiga ega emas. Bu chorani federal hukumat amalga oshirishi lozim.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA