Kamondan otish: g‘oliblar munosib taqdirlandi (+video)
Chilonzor tumanida joylashgan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi respublikamizdagi barcha merganlarni bir joyga jamladi.
Prezidentimizning “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 3 kun davomida o‘tkazilgan “Alpomish va Barchinoy” 3-Xalqaro turnirining final bahslari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda kamondan va parakamondan otish sport turi rivoji yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Final bahslari oldidan turnir “Alpomish va Barchinoy” deb nomlanishining ramziy ma’nosi sifatida “Alpomish” dostonidan teatrlashtirilgan sahnalar namoyish etildi.
—Mamlakatingizda kamondan otish sportiga yuksak e’tibor qaratilayotgani menda juda iliq taassurot qoldirdi, — deydi Butunjahon kamondan otish federatsiyasi bosh kotibi Tom Diyelen. — Men boshqa davlatlarda bunday holatni kuzatmaganman. Turnir ham yuqori saviyada tashkil etilgan. Sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Butunjahon kamondan otish federatsiyasi albatta kamondan otish sporti rivojlanayotgan davlatlarga alohida e’tibor qaratadi. O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari Parij Olimpiadasida o‘z so‘zini aytdi.
Mazkur xalqaro turnirga tashrif buyurgan mehmonlar ham kuchli raqiblar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda mamlakatimiz merganlarining mahoratiga yuqori baho berishdi.
Turnirda 9 ta davlat - O‘zbekiston, Gruziya, Turkiya, Hindiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasidan 100 ga yaqin mohir merganlar o‘zaro g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Yakunda yakkalik yo‘nalishida erkaklar va ayollar, jamoaviy mikst hamda jamoaviy erkaklar bahslarida terma jamoamiz vakillari yorqin natijalar ko‘rsatib, Hindiston, Gruziya singari davlatlarning nomdor sportchilarini ortda qoldirdi va oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Turnir davomida sportchilarimiz 4 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, mutlaq g‘olib bo‘lishdi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda turnir tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I_8PKJAIO7Q" title="Kamondan otish: gʼoliblar munosib taqdirlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA